Jazoir Marokash Qirolligi bilan diplomatik aloqalarni uzdi
Jazoir "dushmanlik harakatlari" tufayli Marokash Qirolligi bilan diplomatik aloqalarni uzdi, dedi Jazoir tashqi ishlar vaziri Ramtan Lamamra. Bu haqda “Reuters” xabar tarqatgan.


"Marokash Qirolligi Jazoirga qarshi dushmanlik harakatlarini muntazam davom ettirib kelmoqda", dedi Lamamra milliy televideniye matbuot anjumanida.
Lamamraning aytishicha, har ikki mamlakatdagi konsullik xizmati o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Maʼlumki, Jazoir Oliy Xavfsizlik Kengashi mamlakatning tog‘li hududida ro‘y bergan kuchli o‘rmon yong‘inlari sababli qo‘shni davlat bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqqan. Jazoir rasmiylari o‘rmon yong‘inlarida marokashliklarning qo‘li bor, deb hisoblaydi.
Marokash va Jazoir o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda tobora keskinlashib bormoqda. Bunga G‘arbiy Sahara hududiga egalik qilish masalasi sabab bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasidagi quruqlik chegarasi 1994 yildan beri yopiq.
Nasiba To‘xtayeva







