Estoniya Rossiyani “tiyib turish”ning yangi usulini taklif qildi
Estoniya Prezidenti Kersti Kalyulayd Yevropa Ittifoqiga Rossiyani “tiyib turish” usulini taklif qildi

Kalyulaydning maʼlum qilishicha, Boltiqbo‘yi davlatlari mudofaa uchun YAIM ning 2 foizini sarflaydi. Ammo ular haligacha havo hujumiga qarshi o‘z mudofaa tizimiga ega emas. Bu tizimning yaratilishi Rossiyani “tiyib turadi”.
“Yevropa Ittifoqida har yili tashkilotga aʼzo davlatlar mudofaa salohiyatini rivojlantirish masalasi muhokama qilinadi. Biz besh yildan buyon Bryusselda Boltiqbo‘yi davlatlari, xususan, Estoniya harbiy xarajatlar uchun YAIM ning 2 foizini sarflashini aytib kelyapmiz. Lekin bizda hamon o‘rta uzoqlikdagi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi yo‘q”, deb aytgan Estoniya Prezidenti.
Kalyulayd YEI mudofaa xarajatlarini adolatli taqsimlaydigan mexanizmni ishlab chiqishi lozimligini qayd etdi. Uning fikricha, Birlashuv fondi mablag‘lari orqali Boltiqbo‘yi davlatlarida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi yaratilishini moliyalashtirish mumkin.
NATO so‘nggi yillarda Rossiya chegaralarida faollashgan va bu “Rossiya agressiyasini tiyib turish” sifatida baholanmoqda. Moskva o‘z navbatida bunga qarshi norozilik bildirib keladi.







