O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi sharafiga Malayziya poytaxti O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida yoritiladi
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi sharafiga mamlakatning Malayziyadagi elchixonasi bayram aksiyasi o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.


Unga ko‘ra, ushbu sanani nishonlash doirasida Malayziya poytaxtining quyidagi ramziy diqqatga sazovor joylari O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglarida yoritiladi:
-
Saloma Link piyodalar ko‘prigi;
-
poytaxt meriyasi ko‘p qavatli binosi;
-
mashhur egizak binolar — Petronas Twin Towers joylashgan markaziy chorraha.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi Kuala-Lumpurdagi barcha o‘zbekistonliklarni ushbu holatga guvoh bo‘lishga, esdalik uchun suratga tushishga chaqirgan. Shu bilan birga, ehtiyot choralarini ko‘rishga, karantin qoidalariga amal qilishga chaqirgan.
Avvalroq O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi sharafiga Niagara sharsharasi 15 daqiqa davomida mamlakat bayrog‘i ranglarida yoritilishi haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan dunyoning eng baland imorati Burj Xalifada O‘zbekiston bayrog‘i 1 sentyabr kuni 1 daqiqa davomida namoyish etilgandi.







