Jahon

“Tolibon” hokimiyati - bu afg‘on xalqining tanlovi emas

Afg‘onistonda vaziyat so‘nggi kunlarda yanada keskinlashdi.

“Tolibon” hokimiyati - bu afg‘on xalqining tanlovi emas

 

15-avgust kuni Kobulning toliblar tomonidan jangsiz egallanishi, undan keyingi evakuatsiya jarayonlari va 26-avgust kungi Kobul aeroportidagi terakt butun dunyoni larzaga soldi. Afg‘oniston masalasi butun dunyoning diqqat eʼtiborida turibdi. Zamon.uz ushbu mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni chuqur tahlil etish maqsadida sharqshunos-afg‘onshunos olim, siyosiy fanlar bo‘yicha Falsafa doktori Suhrob Bo‘ronov bilan intervyu tashkil qildi.

 

 

Xabaringiz bor 26 avgust kuni Kobul aeroportida dahshatli portlashlar sodir bo‘ldi. Oqibatda yuzlab inson, jumladan, AQSH fuqarolari ham halok  bo‘ldi. Bu Afg‘onistondagi umumiy vaziyatga qanday taʼsir qiladi?

 

 — Afg‘onistondagi joriy vaziyat jahon hamjamiyati diqqat-markazida turibdi. OAV tili bilan aytganda Afg‘oniston “trend” mavzuga aylandi.

 

Kobul aeroportidagi terakt jahon hamjamiyati tomonidan keskin qoralandi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 170 dan, jarohatlanganlar soni esa 200 dan oshgan. Teraktni tashkil etgan tomon sifatida ISHID ko‘rildi va terrorchi tashkilotning o‘zi ham buni zimmasiga oldi. Ammo ko‘plab ekspertlarning fikricha, bu shunchaki terakt emas, balki unda Afg‘onistondagi bo‘lajak siyosiy o‘yinlarni ko‘rish mumkin.

 

Mamlakatdan xorij qo‘shinlari, ayniqsa, AQSH harbiylari chiqib ketishi ortidan vujudga kelgan bo‘shliq terroristik va ekstremistik kuchlar tomonidan to‘ldirilish ehtimolini ko‘rsatmoqda. Shu sababli ushbu hodisaga BMT tomonidan ham eʼtibor qaratildi.

 

 — Teraktdan so‘ng AQSH reaksiyasi o‘ziga xosligini kuzatish mumkin. AQSH Prezidenti Jozef Bayden o‘z bayonotida hujum uyushtirgan tashkilotlarga qarshi kurashishini aytib o‘tdi. 27 avgust kuni Pentagon tomonidan Nangarhor viloyatida ISHID marralariga zarba berildi. Umuman, sizning fikringizcha, AQSH Afg‘onistonda mag‘lubiyatga uchraganmi? Ko‘plab siyosatchilar, jumlada, AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi vaziyatni Vashingtonning mag‘lubiyati sifatida baholadi. Maʼlumotlarga ko‘ra, AQSH 20 yil davomida Afg‘onistonda 2 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflagan, bu kuniga 300 million dollardan to‘g‘ri keladi. Shunday katta mablag‘ sarflab va eng zamonaviy qurollarni qo‘llab Vashington mag‘lubiyatga uchrashi mumkinmi?

 

— Albatta, joriy evakuatsiya jarayonida sodir etilgan terakt AQSHning tashqi siyosiy imijiga taʼsir ko‘rsatmay qolmaydi. Portlashda Amerika askarlarining halok bo‘lishi tezkor ravishda javob choralarini qo‘llashga olib keldi. Yuqorida aytilganidek, harbiy-havo kuchlari yordamida darhol zarbalar berildi. Lekin masalaning boshqa jihatlarini ko‘rish lozim. Bu joyda strategik tahlil qilish kerak. Bir qator ekspertlar tomonidan so‘nggi voqealar AQSHning Afg‘onistondagi mag‘lubiyati sifatida baholandi. Lekin men shaxsan bunday deb hisoblamagan bo‘lar edim.

 

Chunki Amerikaning Afg‘onistondagi strategiyasi emas, taktikasi o‘zgarmoqda. Vashington bu yerda uzoq yillik strategiyani ishlab chiqqan va bu uning Yevroosiyodagi umumiy strategiyasi bilan hamohang. Boshqacha aytganda, AQSH Afg‘oniston, umuman mintaqadagi o‘z ishtirokining shakli hamda doirasini o‘zgartirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

 

Shu sababli mag‘lubiyat haqida gapirishga erta. Vashington hali to‘liq mamlakatni tark etgani yo‘q, 31 avgustda tark etish aytilgan bo‘lsa-da, vaziyat keskinlashuvi ortidan AQSH harbiy yoki siyosiy taʼsirini yana kuchaytirishi mumkin, degan taxminlar bor.

 

 — G‘arb qo‘shinlarining chiqib ketishi Afg‘onistonda siyosiy vakuumni vujudga keltirdi. Tabiiyki, bu bo‘shliq boshqa kuchlar tomonidan to‘ldirishga harakat qilinadi. Hozirda siyosiy vakuum Rossiya yoki Xitoy tomonidan to‘ldirilishi varianti ilgari surilmoqda.

 

Xitoy Afg‘onistonda juda katta iqtisodiy manfaatlarga ega. Bundan tashqari, so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, bu yerda nodir metallarning ulkan zaxiralari mavjud. Bu, albatta, qo‘shni davlatlarning, yirik siyosiy kuchlarning eʼtiborini tortadi. Fikringizcha, siyosiy bo‘shliq Xitoy tomonidan to‘ldiriladimi va Afg‘onistonda Pekin taʼsiri keskin oshib ketadimi?

 

 — O‘rinli savol. Hozir ko‘pchilik Afg‘onistonda kelgusi vaziyat qanday bo‘ladi, tashqi kuchlar qanday rol o‘ynaydi, deya munozara yuritmoqda. Xitoy bu mamlakatdagi vaziyatda muhim rol o‘ynaydi. AQSH va Rossiyadan farqli o‘laroq, Xitoy Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan yirik davlat hisoblanadi. Bu uning o‘ziga xos xususiyati. Qolaversa, Pekin mintaqada ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirishga harakat qilayotgan mamlakat.

 

Afg‘onistonda vaziyatning beqarorlashishda davom etishi uning shundoq ham parokanda bo‘lgan iqtisodi uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Mamlakat iqtisodiy jihatdan  tiklanishi kerak. Buning uchun unga jahon hamjamiyati, xorijiy mamlakatlar yordami zarur. Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, G‘arb tomonidan Afg‘onistonga shu paytgacha berib kelingan yordam o‘rnini Xitoy tomoni egallashi mumkin. Ammo jarayonning qanday bo‘lishi voqealarning keyingi rivojiga bog‘liq. Shu bilan birga Xitoy allaqachon Afg‘onistonda maʼlum iqtisodiy loyihalarni boshlagan. Katta ehtimol bilan Afg‘oniston iqtisodiy tiklanishida Pekin faol bo‘ladi.

 

— Iqtisodiy tiklanish masalasi tilga olindi. Bu jarayonda O‘zbekistonning roli qanday? Rasmiy Toshkent ilgari surayotgan Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temiryo‘li taqdiri masalasi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. fikringizcha, O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiy tiklanishida eng muhim davlat bo‘la oladimi?

 

— Afg‘onistonning tiklanishida eng muhim davlatlardan biri O‘zbekiston hisoblanadi. Afg‘onistonning dastlabki temir yo‘li – Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘lini qurgan davlat sifatida O‘zbekiston Afg‘oniston iqtisodiy tiklanishda har tomonlama rol o‘ynab keldi. O‘zbekistonning Mozori Sharifgacha bunyod etgan temir yo‘l tajribasi va afg‘on zaminining iqtisodiy tiklanishidagi jiddiy rolini hisobga olgan holda, temir yo‘lni Peshovargacha uzaytirish tashabbusi yuqori baholanmoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoni Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo bilan bog‘lash strategiyasida muhim hisoblanadi. Hozirda O‘zbekiston tashqi siyosatida respublikaning Janubiy Osiyo dengiz portlariga chiqish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tabiiyki, bu faqat Toshkent bilan bog‘liq jarayon emas, unda Afg‘onistonning tinch va barqaror bo‘lishi, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, yirik davlatlar hamda Janubiy Osiyodagi yirik kuchlar – Hindiston va Pokistonning ham alohida o‘rni bor.

 

— Maʼlumki, yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun kuchli siyosiy hokimiyat zarur. “Tolibon” ana shunday kuch bo‘la oladimi?

 

—Buning uchun “Tolibon”ning hokimiyatga kelish omillarini ko‘rib o‘tish zarur bo‘ladi.

 

Toliblarning Afg‘onistonda hukmronlik o‘rnatish sababini uch omil bilan izohlash mumkin.

 

Birinchidan, sobiq hukumat jangsiz taslim bo‘ldi. Bu sobiq hukumatning korrupsiyaga botganligi va eng yirik shaharlarni egallashi uchun “Tolibon” harakatiga sharoit yaratib berganligi bilan izohlanmoqda.

 

Ikkinchidan, toliblar taktikasi va diplomatiyasi o‘zgargan. Ularning yurishlarida eng katta qarshilik ko‘rsatadigan tomon Afg‘onistonning shimoli hisoblanadi. 90 yillarda bu yerda “Tolibon” “Shimoliy alyans” qarshiligiga duch kelgan. Toliblar bu safar shu kabi voqealarning oldini olish maqsadida, shuningdek, shimolga keng ko‘lamli yurish qilishdan oldin o‘tmishda “Shimoliy alyans”ni qo‘llab-quvvatlagan kuchlar bilan – Rossiya, Eron, shuningdek, Xitoy bilan muzokara olib borish uchun ushbu davlatlarga tashriflar uyushtirishdi. Bu “Tolibon” diplomatiyasining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.

 

Shuningdek, toliblarning Kobulni egallashini kuzatadigan bo‘lsak, ular poytaxtga darhol hujum qilmadi. Bu bilan ular Kobulda bo‘lib turgan chet el diplomatik xodimlari evakuatsiya qilinishini, keyinchalik esa “Tolibon” hokimiyatini xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini maqsad qilganini anglatadi. Bu yerda chuqur o‘ylangan diplomatiya va taktikani ko‘rish mumkin.

 

Uchinchidan, tashqi kuchlar omili. Fikrimcha, tashqi kuchlarga eng muhim faktor sifatida qarash kerak. “Tolibon” hokimiyatining o‘rnatilishi – bu afg‘on xalqining tanlovi emas, eng avvalo tashqi o‘yinchilar tanlovi. Buning misolini qochqinlar sonining keskin ko‘payib ketayotganligi bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, UNICEF maʼlumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda hozirga kelib 10 million nafarga yaqin bola gumanitar ko‘makka muhtoj.

 

“Tolibon” allaqachon siyosiy kuchga aylanib bo‘lgan. Ular hokimiyatni qo‘lga kiritgach, bu jarayon yana-da legal xususiyatga aylandi. Shu jihatdan, ularni siyosiy kuch sifatida eʼtirof etsa bo‘ladi. Endilikda toliblar oldida turgan asosiy masala o‘z hokimiyatini mustahkamlashdan iborat. Bu yirik tashqi kuchlar, qo‘shni davlatlar qo‘llab-quvvatlovisiz amalga oshmaydi. Toliblarning keyingi faoliyatini tahlil etishda ju jihatlarga eʼtibor qaratish zarur bo‘ladi.

 

—“Tolibon” o‘zgarganligi haqida gapirildi. Harakat vakillari tomonidan ham bu ko‘p qayd etilgan. Ular hozirgi “Tolibon yigirma yil avvalgi “Tolibon” dan farq qilishini aytishmoqda. Sizningcha, toliblar haqiqatdan ham o‘zgarganmi?

 

— “Tolibon” o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligini ularning hukumat tuzib, qanday siyosat yuritishidan so‘ng anglash mumkin. Hozircha biror narsani taxmin qilish mushkul. Hali hukumat tuzilmadi. Shuningdek, bo‘lajak hukumat qanday tartibda tuziladi, hamma etnik va diniy guruhlarni qamrab oladigan inklyuziv hukumat shakllantirilishi masalasi ochiq turibdi.

 

Toliblarning bayonotlarini kuzatadigan bo‘lsak, harakat o‘zgarishlarga tayyorligini aytmoqda. Ammo yuqorida aytilganidek, ular haqida so‘nggi bahoni hukumat tuzilgandan so‘ng berish mumkin.

 

Inklyuziv hukumat masalasi Afg‘oniston ichki siyosatida muhim muammo bo‘lib turibdi. Savol shundan iborat: bu hukumatga kim kiradi va unda hal qiluvchi so‘zni kim aytadi?

 

Hozirda bu bilan bog‘liq muzokaralar davom etmoqda.  Bu jarayonlarda eng muhim tomonlar sifatida “Tolibon” siyosiy qanoti, sobiq prezident Hamid Karzay va Milliy yarashuv masalalari bo‘yicha oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla ishtirok etayapti. Hozircha bo‘lajak hukumatda qaysi etnik guruhlar va siyosiy kuchlar qatnashishi nomaʼlum. “Tolibon” bayonotlariga tayanilsa, hukumatga barcha guruhlar kiradi, ammo fikrimcha, bu hukumatda toliblar eng muhim kuch bo‘ladi.

 

Hukumat tuzilishida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tomonlardan yana biri Ahmad Masʼud bo‘lishi mumkin. Panjsher bilan muzokaralar natijasi ijobiy bo‘lsa, Masʼud va Amrulla Solih ham hukumat tarkibidan joy olishi mumkin. Lekin takroran aytaman, har qanday holatda ham “Tolibon” eng muhim kuch sifatida o‘zini saqlab qoladi.

 

—Panjsher masalasi tilga olindi. Maʼlumki, 90 yillarda Panjsherda toliblarga qarshi “Shimoliy alyans” ni tuzilgan. 2021 yilga kelib bu holat yana takrorlanmoqda: “Tolibon” ga qarshi kuchlar viloyatga to‘planmoqda. Panshjer yangi “Shimoliy alyans”ning markazi bo‘la oladimi?

 

 — Afg‘onistonda tarix takrorlanmoqda. Hozircha Panchjer “Shimoliy alyans” singari  tashqi kuchlar qo‘llab-quvvatlanadigan darajada emas. Lekin, Panjsherda haqiqatdan ham toliblarga qarshi kuchlar asta-sekin to‘planmoqda. Lekin aynan Ahmad Masʼudning ishtiroki qarshilik harakatining tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab quvvatlanishiga sabab bo‘lyapti. Maʼsud asosiy yordamni G‘arb tomondan so‘radi. Shu jihatdan, Ahmad Masʼud va uni qo‘llab quvvatlayotgan tomonlarga tashqi ko‘mak  zarur. Busiz  ular toliblarga qarshi tura olmaydi.  

 

—So‘nggi savol Afg‘onistonning kelajagi bilan bog‘liq. Mamlakatda siyosiy vaziyat qanday bo‘ladi va bu qo‘shni davlatlarga qay darajada taʼsir qiladi?

 

—Murakkab savol. Afg‘onistonda hattoki ertaga nima bo‘lishini taxmin qilish mushkul. Sababi bu mamlakatda vaziyat juda tez o‘zgarib turadi.

 

Shunisi aniqki, Afg‘oniston kelajagi eng avvalo “Tolibon”ning hukumatni qay darajada tashkil etishi bilan bog‘liq.

 

Ikkinchidan, qo‘shni davlatlarning toliblar bilan munosabati masalasi juda muhim. Jahon hamjamiyati “Tolibon”ga nisbatan yakdil pozitsiyasini ishlab chiqmaguncha, Afg‘oniston qo‘shnilari ham harakatni  qonuniy kuch sifatida tan olmasligi ehtimoli katta.

 

Hozir mamlakatda vaziyat juda mo‘rt. Afg‘onistondagi holatga qo‘shni davlatlarning munosabati ham hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

 

Agar “Tolibon” vaʼdasida turib, inklyuziv hukumat tuzsa, bu qo‘shni davlatlarga ham ijobiy taʼsir qiladi. Lekin mening shaxsiy fikrim –vaziyat qaltis va salbiy ssenariy asosida rivojlanib ketishi mumkin. Jumladan, “Tolibon”ning boshqa ekstremistik va terrorchi guruhlar bilan aloqalari ortidan mamlakatdagi  vaziyat yana-da og‘irlashishi mumkin. Bundan tashqari Afg‘onistonda diniy va etnik bo‘linishlar yuz berishi, fuqarolar urushining avj olib ketishi ssenariylari ham mavjud.

 

Jahongir Qo'ziyev suhbаtlashdi.

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

UNHCR qochqinlarning urush davom etayotgan mamlakatga qaytarilishi ortidan ta’qibga uchrashi yoki majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishidan xavotir bildirmoqda.

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

14 nafar harbiy halok bo‘lgan Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarni rejalashtirishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Ruminiya ommaviy axborot vositalari don ortilgan Turkiya kemasiga dron zarbasi berilganini bildirmoqda.

Rossiyada «o‘lat xavfi» sabab bir qator shifoxonalar karantinga olindi

Rossiyada «o‘lat xavfi» sabab bir qator shifoxonalar karantinga olindi

Bunga 28 yoshli tibbiyot xodimining vafot etgani sabab bo‘lgan. Ayni paytda u bilan aloqada bo‘lgan qariyb 200 kishi ham izolyatsiya qilingan.

Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasida keskinlik: tomonlar bir-biriga zarbalar bermoqda

Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasida keskinlik: tomonlar bir-biriga zarbalar bermoqda

Saudiya Arabistoni husiylar nazorati ostida bo‘lgan Sano shahriga zarba berdi. Bunga javoban husiylar Saudiya Arabistonining yirik neft-gaz koniga hujum qildi.

Fransiya maktablarida tartibsizliklar: 24 ta maktab yoqib yuborildi

Fransiya maktablarida tartibsizliklar: 24 ta maktab yoqib yuborildi

O‘quvchilar namoyishlari ortidan 500 tagacha ta’lim muassasasida darslar to‘xtatilgan.

Kutilmagan tashrif: Germaniya kansleri Kiyevga bordi

Kutilmagan tashrif: Germaniya kansleri Kiyevga bordi

Germaniya Ukrainaga 1,35 mlrd yevro yordam ajratishi kutilmoqda.

Tramp yana amerikaliklarga pul va’da qildi:  20 milliondan ortiq keksaga 90 dollardan beriladi

Tramp yana amerikaliklarga pul va’da qildi: 20 milliondan ortiq keksaga 90 dollardan beriladi

Oq uyga ko‘ra, mablag‘ Medicare Improvement Fund hisobidan ajratilib, aksariyat fuqarolarga oktabr oyining boshida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkaziladi.

“Tolibon” hokimiyati - bu afg‘on xalqining tanlovi emas | Zamon.uz