AQSH Afg‘onistonni nima uchun tark etdi?
31 avgust, bugun so‘nggi AQSH harbiysi Afg‘onistonni tark etdi. AQSH tarixidagi eng uzoq urush shu tariqa tugadi.


Vashington 20 yil davomida 2 trillion dollar mablag‘ sarflab, oxir-oqibat o‘tmishdoshlari — Buyuk Britaniya imperiyasi va SSSR kabi Afg‘onistondan deyarli natijasiz chiqib ketdi.
Jorj Bush nima uchun qo‘shin kiritgan?
90 yillar, xususan, “Tolibon” hokimiyatni egallagan davrda Afg‘oniston xalqaro terrorizm va ekstremizm markaziga aylandi. Mamlakat hududida yuzlab lagerlar terrorchilar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Bu yerdan turib dunyoning turli chekkalarida teraktlar uyushtirilgan.
2001 yil 11 sentyabr AQSH tarixini tubdan o‘zgartirib yubordi. Shu kuni Nyu-York va Vashingtondagi teraktlar butun dunyoni larzaga soldi. Nyu-Yorkda “Egizaklar minorasi” portlatilishi oqibatida 3 mingga yaqin inson halok bo‘ldi.
AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bush teraktlarni AQSHga qarshi urush sifatida baholadi. Amerika hukmron doiralari buni mamlakatning global gegmonligiga tahdid, deb atadi.
2001 yil oktyabr oyida AQSH harbiy-havo kuchlari Afg‘onistonda toliblarga zarba beradi. Urushning dastlabki bosqichida AQSH quruqlik qo‘shinlaridan foydalanmagan. Quruqlikda “Shimoliy alyans” qo‘shinlari harakat qilgan, Vashington esa unga havodan ko‘mak bergan.
2001 yil noyabrda Kobul “Tolibon”dan ozod qilinadi. Asta –sekinlik bilan boshqa yirik shaharlar ham alyans qo‘liga o‘tadi.
2004 yilda garchi Afg‘oniston Islom Respublikasi tuzilgani eʼlon qilingan bo‘lsa-da, lekin bu hukumat asosan AQSH yordamida saqlanib turgan.
Vashington Afg‘oniston armiyasini shakllantirish uchun milliardlab dollar sarflagan. Ammo bu pullar havoga sovurilgani 2021 yilda maʼlum bo‘ldi.
Qo‘shinlar soni nima uchun oshirildi?
AQSH o‘zi istamagan holatda Afg‘onistonda qo‘shinlar sonini oshira boshladi. Bunga eng katta sababi toliblarning urushni to‘xtatmagani edi. “Tolibon” mag‘lub bo‘lsa-da, Afg‘oniston hududida partizanlik kurashini olib boradi. Bundan tashqari ularning asosiy qismi Pokistonga o‘tib ketadi va bu yerdan turib Afg‘onistonga hujumlar tashkil qiladi. AQSH havo va boshqa vositalar yordamida ularga zarba bersa-da, lekin toliblar qarshiligini sindira olmaydi.
Eng katta bo‘linmalar jo‘natish Barak Obama davriga to‘g‘ri keladi. 2009 yilda Obama Afg‘onistonga 30 ming kishilik qo‘shin jo‘natgan. 2011yilga kelib Afg‘onistonda AQSH harbiylari soni 150 ming kishiga yetadi.
2014 yildan boshlab kontingentni qisqartirish boshlanadi. Mamlakatdagi xavfsizlikni taʼminlash afg‘on qurolli kuchlariga yuklatiladi. “Tolibon” va boshqa guruhlarga qarshi kurashda AQSH asosan havodan ko‘mak bera boshlagan.
AQSHning Afg‘onistonni tark etishi — tabiiy jarayon
AQSHning Afg‘onistonda hech qachon abadiy qolish niyati bo‘lmagan. Maʼlum muddatdan keyin uning ketishi tabiiy edi. 2009 yildayoq Obama 2011 yilda qo‘shinlar chiqib keta boshlashini eʼlon qilgan. 2014 yildan boshlab kontingent qisqartirila boshlanadi. 2014 yil dekabriga kelib Amerika boshchiligida xalqaro koalitsiyaning asosiy qismi mamlakatni tark etdi.
2015 yildan NATO “Resolute support” (“Qatʼiy qo‘llab-quvvatlash”) operatsiyasini boshlagan, asosiy eʼtibor harbiy emas, balki antiterror operatsiyalar va afg‘on xavfsizlik kuchlariga yordamga qaratildi.
Tramp prezidentligi davrida qo‘shinlarni olib chiqish jarayoni tezlashdi. Uning saylovoldi dasturida Afg‘onistondagi urushni yakunlashga alohida eʼtibor qaratilgan edi.
2020 yil fevralda Dohadagi “Tolibon” siyosiy ofisida Afg‘oniston hukumati va AQSH o‘rtasida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra xorijiy qo‘shinlar mamlakatni 14 oy ichida tark etishi kerak edi.
Jozef Bayden prezident etib saylanganidan keyin ko‘pchilik Tramp maʼmuriyati imzolagan kelishuv endi bekor bo‘ladi va AQSH Afg‘onistonda yana qoladi, degan fikrga keldi.
Ammo AQSH tashqi siyosatida o‘zgarmas qonun bor –– avvalgi va hozirgi Prezident siyosati, dunyoqarashi va dasturi bir-biridan qanchalik farq qilmasin, Vashington uchun strategik ahamiyatga ega qarorlar o‘z kuchini saqlab qoladi. Afg‘onistonda ham huddi shunday bo‘ldi.
AQSH Afg‘onistonni tark etish orqali, birinchidan, kuchlarini Osiyo-Tinch okeani havzasiga to‘plamoqchi.
Ikkinchidan, Afg‘onistondan AQSHning chiqib ketishi beqarorlikni vujudga keltirdi. AQSH bu bilan Xitoy va Rossiya eʼtiborini janubga qaratdi. Demak, Afg‘onistonni tark etish Amerikaning global strategiyasiga mos tushadi.
Jahongir Qo'ziyev







