Prezident: Xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ko‘plab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangandi.


30-avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi .

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni, avvalo, Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ularga o‘zining yuksak ehtiromini bildirdi.
Bunday tarixiy damlarda har bir xalq o‘z istiqlolini sarhisob qiladi. O‘tgan 30 yilda mustaqil davlatimiz qurildi, rivojlandi, jahon hamjamiyatida o‘zimizning o‘rnimizni, yo‘limizni topdik. Bugungi kunda hamma soha va tarmoqlardagi intilishlarimiz, har bir mahallaga, qishloqqa, oilaga kirib borishimiz o‘z natijasini berayapti, odamlar rozi bo‘layapti, – dedi davlatimiz rahbari.
“Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizning qay go‘shasiga bormang, bunyodkorlik, obodlik, yangilanishlar, umuman, har sohada o‘zgarishlar yuz bermoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishga erishgan sanoqli davlatlar qatorida eʼtirof etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirmoqda. Insonlar bugunidan xotirjam, baxtiyor, mamnun, ertasidan xotirjam, ko‘ngillarda obodlik sururi ila yashamoqda.
Prezident istiqlol yillarida mustaqil fikrli, zamonaviy dunyoqarashli yangi avlod voyaga yetganini, ular davlatimizning tayanchi va kelajagi ekanini taʼkidladi.
Mustaqilligimizning birinchi yilida tug‘ilgan yoshlar 30 yoshga kirdi, balog‘atga yetdi. Biz birinchi kundan yoshlar masalasini eng katta vazifa qilib olganmiz. Agar bugungi shiddatli dunyoda yoshlarimiz tarbiyasiga katta eʼtibor qaratib, ularga bilim, ko‘mak berib, hozirgi zamonga munosib qilib, yo‘lini topib bermasak, ko‘p narsadan orqada qolib ketamiz. Bugun joylarda ishlayotgan, o‘qiyotgan, zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishayotgan ana shunday jo‘shqin yoshlarimiz davlatimizga juda katta kuch-qudrat, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, keyingi ikki yil insoniyat tarixida kutilmagan og‘ir davr bo‘ldi. Xalqimiz ham xursandchilik kunlar bilan birga, mashaqqatli sinovlarni ham boshidan kechirdi. Koronavirus ofati butun dunyoni tashvishga solib, jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Dunyo bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, bizga qo‘shni hududlarda qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar kuchayib bormoqda.
Bugungi murakkab sharoitda xalqimiz salomatligini asrash bilan birga iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishdek og‘ir masala kun tartibida turibdi. Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlarini, bog‘bonu dehqonlar, fermer va tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun yangi-yangi yo‘llarni izlayapmiz. Mana shunday o‘ta murakkab, qaltis vaziyatda biz xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqdamiz, – dedi Prezident.
O‘zbekistonning chinakam qahramonlari

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida ulkan yutuqlarga erishgan ilg‘or fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedov, jahon miqyosida tan olingan yirik matematik olim, akademik Shavkat Ayupov, o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim G‘afurov, noyob ovozi bilan dunyoni maftun etib kelayotgan Munojot Yo‘lchiyevani “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan samimiy tabrikladi.

Ularning har biri va bosib o‘tgan yo‘li haqida alohida taʼrif berdi. Ibrohim G‘afurov haqida so‘zlay turib, davlat rahbari shunday xotirladi: "...Biz Erkin Vohidov bilan kechalari ko‘p masalalar haqida gaplashardik. U kishi aytardi: "Agar o‘zbek tilining boyligini, chiroyini bilishni xohlasangiz, Ibrohim akaga murojaat qilish kerak."
Prezident noyob va sohir ovoz egasi, betakror ijro mahorati, o‘zbek ayoliga xos go‘zal fazilatlari bilan dunyoni maftun etib kelayotgan sevimli sanʼatkorimiz Munojat Yo‘lchiyeva haqida to‘xtalib: “Munojatda o‘zbek ayoli timsoli mujassam. Har birimiz unda o‘z onamiz, opamizni ko‘ramiz, deya uni eʼzozladi.

Navqiron yoshlarimiz xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch
Fidoyi shifokorlarimiz o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, xalqimiz salomatligi uchun har kuni, har daqiqada kurashmoqda. Mard va jasur harbiylarimiz tinch-osoyishtalik yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Omilkor tadbirkorlar, dehqon va fermerlar, ishchi-muhandislar mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, adabiyot va sanʼat, sport sohasi vakillari katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Navqiron yoshlarimiz xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqmoqda.
Prezidentimiz ularni yuksak mukofotlar bilan qutlab, ezgu tilaklarini izhor etdi.
Shu kunlarda joylarda ko‘plab vatandoshlarimiz «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini qabul qilib olmoqda. Davlatimiz rahbari ularni ham xalqimiz nomidan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Bu yil yana bir xayrli ishga qo‘l urildi

“Bizda marhumlarni taqdirlash tajribasi yo‘q edi. Biz ularni yodga oldik va taqdirlashga qaror qildik.
Marhumlarimizga nisbatan adolatsizliklar bo‘lganidan ham xabardorman. Buni xalqimiz to‘g‘ri qabul qildi, o‘tganlarning ruhi esa o‘ylaymanki shod bo‘ldi. Maʼrifat, o‘zligimizni anglash nuqtayi nazaridan bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi desam, fikrimga qo‘shilasizlar deb o‘ylayman”, deya Davlatimiz rahbari marhum sanʼatkorlarni yodga oldi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, mamlakatimizda madaniyat va sanʼat, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar mukofotlandi. Marosimda bu mukofotlar ularning oila aʼzolariga topshirildi.
Ko‘ksingizda yarqirab, yarashib turgan faxriy unvonlar, orden va medallar barchangizga muborak bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Men hammangizni yaxshi bilaman, sizlar bilan faxrlanaman. Qadamlarimiz barakali, natijali bo‘lishi uchun hali ko‘p ishlashimiz kerak. O‘zi, inson uchun eng katta baxt – oilaviy baxt, yaqinlarimiz sog‘-salomat, yurtimiz tinch-osoyishta bo‘lishi. Ilohim, hammangizga shunday baxt nasib etsin. Har bir oilada xotirjamlik, to‘ylar bo‘lsin!
Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.







