«Yangi O‘zbekiston» majmuasi va Mustaqillik monumentining ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda
Bugun, 31 avgust kuni Toshkent viloyatining poytaxtga tutash qismida, Qibray tumanida barpo etilgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.


Ta'kidlanishicha, Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston» majmuasi va Mustaqillik monumentining ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
- Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifoda etadi.
Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yerda sunʼiy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, hunarmandchilik do‘konlari barpo etildi va etilmoqda, dedi prezident.
Davlat rahbari majmua yonida Olimpiya shaharchasi bunyod etilishi, unda 2025 yili Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarining asosiy musobaqalari o‘tkazilishini maʼlum qildi.
Majmua hududida zamonaviy oliy taʼlim dargohi, tibbiyot klinikalari, xalqaro ko‘rgazma markazlari va boshqa obyektlardan iborat shaharcha qurilmoqda.
Bog‘ mazmuni milliy davlatchilik tarixi, xalqning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini o‘zida mujassam etgan. 104 gektarlik bog‘ning umumiy ko‘rinishi Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlariga monand daraxtning beshta shoxi shaklidadir. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida dam oladigan so‘lim hududlar barpo etilgan.

Bog‘ hududida “Istiqlol” majmuasi qurilgan. Unda O‘zbekistonning 3 ming yillik tarixi, ajdodlarning buyuk ishlari, O‘zbekistonning yangi qiyofasi namoyon etilgan.

Bir gektardan ziyod maydonda 5 ming o‘rinli ochiq amfiteatr barpo etildi. Bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlangan.








