Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining reytingi joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasining "Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2021-yil 1-oktabrdan boshlab o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etgan Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni, tajriba-sinov tariqasida, “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali joriy etish taklif qilinmoqda.
Tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, mazkur tizim 2022-yil 1-yanvardan boshlab barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda joriy etiladi.
“Yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati har yili 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining rasmiy saytida va OAVda eʼlon qilinadi.
Loyihaga asosan, Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
-
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borayotgan tadbirlari samaradorligini puxta tahlil qilish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi reyting baholashni o‘tkazish;
-
reyting baholashni har yili oldingi yilning 1 oktyabridan baholash o‘tkazilayotgan yilning 1-oktabriga qadar bo‘lgan davrda o‘tkazish;
-
har yili reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi 9 kishidan iborat bo‘lgan tashqi ekspertlar guruhini shakllantirish.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi hamda korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy taʼminot ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.







