AQSH kosmik kompaniyasi parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi
AQSH Federal aviatsiya boshqarmasi milliarder Richard Bransonning "Virgin Galactic" kosmik kompaniyasi parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda BBC xabar berdi.


Qayd etilishicha, bu qaror “Birlik” kosmik kemasining joriy yil 11 iyul kuni parvoz paytida rejalashtirilgan yo‘nalishdan chetga chiqishi bilan bog‘liq.
"Virgin Galactic, FAB voqea tergovining yakuniy hisobotini tasdiqlamaguncha yoki asosiy sabablar jamoat xavfsizligiga taʼsir qilmasligini aniqlamaguncha “SpaceShipTwo”da uchishni davom ettira olmaydi", deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, uchish paytida “Unity” raketa samolyoti ekipaji berilgan trayektoriyadan chetga chiqgani to‘g‘risida avtomatik ogohlantirish olgan. Samolyot tashuvchisidan ajralib chiqqanidan so‘ng u bir muncha vaqt unga ajratilgan havo yo‘lagini tark etgan.
"Virgin Galactic" qoidalariga ko‘ra, bunday ogohlantirish parvozni to‘xtatishga olib kelishi kerak. Ammo bu sodir bo‘lmadi va raketa samolyoti taxminan 85 kilometr balandlikka muvaffaqiyatli ko‘tarildi hamda ortga qaytdi.
"Virgin Galactic" yo‘nalishdagi burilishlarni kutilmagan kuchli shamollar bilan izohladi.
"Parvoz yo‘li bizning dastlabki rejamizdan farq qilsa-da, “Unity” kosmosga muvaffaqiyatli yetib keldi. Nazoratni saqlab, belgilangan marshrut bo‘yicha harakat qilib, Nyu-Meksiko kosmodromiga xavfsiz qo‘ndi. Bu trayektoriyadagi o‘zgarishlar yo‘lovchilar va ekipajni xavf ostiga qo‘ymadi", — deyiladi kompaniya xabarida.
Biroq FAB bu g‘ayritabiiy vaziyatni tekshirishga qaror qildi. Shu sababli, "Virgin Galactic" reyslari to‘xtatildi. Bu kompaniyaning sentyabr oxiri oktyabr boshiga rejalashtirgan navbatdagi kosmik missiyasi qoldirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, "Virgin Galactic" kosmik kemasi Yer orbitasiga chiqmasdan kosmosga qisqa sayyohlik parvozlari uchun mo‘ljallangan. “Unity” raketa samolyoti “SpaceShipTwo” tashuvchi samolyoti tomonidan taxminan 15 kilometr balandlikka ko‘tariladi. Shundan so‘ng u o‘z raketa dvigatelini ajratadi. Sayyohlar uchun reys narxi 450 ming dollarni tashkil etadi.
Nasiba To‘xtayeva







