Мaktablarda Tabiiy (Science) fanlar darsligi o‘qitiladi
2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Tabiiy (Science) fanlarning 1-2-sinf darsliklari maktablarga joriy etildi.


Endilikda barcha umumtaʼlim maktablarida 1-6-sinflar uchun mo‘ljallangan hamda bir nechta fan: kimyo, geografiya, biologiya va fizika fanlarining boshlang‘ich tushunchalarini o‘zida birlashtirgan Tabiiy fanlar darslari yo‘lga qo‘yiladi.
Taʼlim tizimida shu vaqtga qadar Science fani xususiy maktablar hamda Prezident maktablarida o‘qitib kelinayotgan edi. Endilikda barcha umumtaʼlim maktablarida bir nechta fan: Atrofimizdagi olam, Tabiatshunoslik, Geografiya, Biologiya hamda Fizika fanlarining boshlang‘ich tushunchalarini o‘zida birlashtirgan Tabiiy fanlar darsligi o‘qitiladi.
Umumiy o‘rta taʼlimning 1-6-sinflari uchun mo‘ljallangan Science fani bir nechta fanlarni birlashtirgan va STEAM tizimi asosida ko‘plab ijtimoiy, iqtisodiy fanlar bilan integratsiyani taʼminlagan. Ushbu darslikning quyidagi ustuvorliklari mavjud:
-
bilim va ko‘nikmalarni spiralsimon usulda oddiydan murakkabga tomon rivojlantirib borish ko‘zda tutilgani hisobiga o‘quvchilarga olamning yaxlit, ajralmas, bir butunligini anglashga yordam beradi;
-
yaratilayotgan darslikka har bir bobning mavzusidan kelib chiqib, sodda kundalik turmushda uchraydigan qiziqarli mavzular, tajribalar kiritildi. Endi bolalar “O‘quv loyihasi” deb nomlangan amaliy mashg‘ulotda o‘zlari kichik tajribalar o‘tkazib ko‘rishadi. Masalan, 1-sinflarga 1 o‘quv yili uchun 1 ta amaliy topshiriq, gul ekish va uni parvarishlash vazifasi berilgan. O‘quvchilar o‘zlari ekkan guldagi o‘zgarishlarni yil davomida kuzatib, natijani daftarlariga qayd etib boradilar, ustozlari va sinfdoshlari bilan o‘rtoqlashadilar;
-
anʼanaviy yondashuvga asoslangan darsliklarda avval matn, keyin savollar berilgan bo‘lsa, Science darsligida o‘quvchining mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida avval savollar berilib, keyin matn keltirilgan. Maʼlumotlarning aksariyat qismi esa matn emas, rasm yoki illyustratsiyalar ko‘rinishida. Bu bolalarda har xil manbalarni tushuna olish, mavzuga ijodiy yondashish ko‘nikmasini shakllantiradi;
-
darslik materiallarining audio va video variantlari ham mavjud bo‘lib, ular ilk bor AR to‘ldirilgan borliq tizimiga joylashtirildi. Agar smartfon darslik muqovasidagi QR kodga tutilsa, bolalar o‘zlari o‘rganayotgan obyektning harakatlanib turganini ko‘rishlari, tovushini eshitishlari yoki o‘sha obyektning boshqa xususiyatlari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.







