Pentagon Panjsher masalasiga aniq javob bermadi
Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbi Panjsher masalasiga to‘xtalib o‘tdi.


Kirbi jurnalistlardan birining Panjsherdagi qarshilik kuchlariga AQSH yordam beradimi degan savolga “AQSHning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi yakunlandi” - degan javob berdi. Toliblarga qarshi aviazarbalar yordamida qarshilik kuchlari qo‘llab-quvvatlanishi haqida so‘ralganda ham amaldor yuqoridagi javobni qaytargan.
O‘z navbatida jurnalist Pentagonning Afg‘onistondagi terrorchilar marralariga aviazarbalar berish haqidagi bayonotini eslatib o‘tdi. Shu nuqtai nazardan AQSH harbiy missiyasi davom etmoqda. “Biz milliy manfaatlarimizga va AQSH hududiga tahdidlarni oldini olish maqsadida masofaviy terrorchilarga zarba berish imkoniyatini saqlab qolamiz. Lekin bu Vashington harbiy missiyasi davom etishini anglatmaydi”, - deb javob bergan Kirbi.
Kirbidan uning so‘zlari “AQSH Panjsherdagi qarshilik kuchlariga yordam berishga harakat qilmasligini anglatadimi”, deya so‘ralganda “Biz terror tahdidi qarshisida dunyoning istalgan nuqtasida manfaatlarimizni himoya qilishda davom etamiz”, - deb aniq javobdan qochgan.
Oq Uy matbuot kotibi Jen Psakiga ham Vashingtonning Panjsher bilan aloqalari mavjudligi haqida savol berilgan. Bunga javoban “Men bizning ular bilan aloqalarimiz haqida hech narsa deya olmayman”, - deb aytgan.
“Tolibon” 2021 yil avgust oyida Afg‘oniston viloyatlariga hujumlarini kuchaytirdi. 15 avgust kuni harakat Kobul shahrini jangsiz egalladi. Toliblar hukumat tuzish ishlarini olib bormoqda. Faqatgina Panjsher viloyati “tolibon” tomonidan egallanmagan. Viloyatda Ahmad Masʼud boshchiligida Qarshilik fronti tuzilgan. Hozirda Panjsherda toliblar va Masʼud kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda.
Jahongir Qo‘ziyev







