O‘zbekistonda 2022-yil g‘alla hosili uchun minimal narx maʼlum qilindi
2022-yil 1 tonna g‘allaning minimal narxi 2,5 mln so‘m bo‘ladi.Bu haqda Qishloq xo'jaligi vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4634-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlarini tahlil qilgan holda kelgusi yil g‘alla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlarni eʼlon qilish vazifasi yuklatilgan.
Jahon bozori hamda mintaqaviy tovar birjalaridagi g‘alla xarid narxlari tahlil qilindi va mahalliy xarajatlarni inobatga olgan holda kelgusi 2022 yil g‘alla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 2022 yil kutilayotgan minimal narx 1 tonna g‘alla hosili uchun 2,5 mln so‘m bo‘lishini eʼlon qiladi.
Mazkur minimal narx tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, g‘alla yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi subyektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida g‘alla xarid narxlarini o‘zaro manfatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilaydilar.







