Ukrainaning Bees Airlines loukosteri Kiyevdan Samarqandga qatnay boshladi
Ukrainaning Bees Airlines loukosteri 30 avgust kuni Kiyevdan Samarqandga o‘zining ilk parvozini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda Spot Fight Radar maʼlumotlariga tayanib.

Kompaniya chiptalar savdosini avgust oyi boshlarida eʼlon qilgandi.
Biroq oradan bir necha kun o‘tib, Transport vazirligi O‘zbekistonda muntazam yoki charter parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan Bees Airlinesdan murojaat kelib tushmaganini maʼlum qildi va xorij aviakompaniyalari “O‘zaviatsiya” tegishli ruxsatnomasini olishi va ana shundan so‘ng aviachiptalar sotuvini boshlashi lozimligini eslatib o‘tdi.
Ammo Bees Airlines nafaqat rejalashtirilgan parvozni amalga oshirdi, balki 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan keyingi reys uchun ham chiptalarni sotmoqda.
Maʼlumot uchun, Bees Airlines — Ukraina byudjet aviakompaniyasi bo‘lib, 2019 yilda Kiyev aeroportida tashkil etilgan. Armaniston, Bolgariya, Gretsiya, Gruziya, Misr, Turkiya, Chernogoriya va ichki yo‘lovchi tashish uchun charter reyslar amalga oshiradi.







