Dunyoning eng kuchli razvedka xizmatlari
Razvedka milliy xavfsizlikning muhim qismi hisoblanadi. Tarixdan josuslik xizmatiga ehtiyoj katta bo‘lgan. Aksariyat strateglarning fikricha, harbiy va siyosiy g‘alaba asosini aniq maʼlumot va uni to‘g‘ri tahlil qilish tashkil etadi.


Manbalarda keltirilishicha, Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatgan “Tolibon” harakatining ham shakllanishida razvedka xizmatlarining, xususan Pokiston josusligining o‘rni katta bo‘lgan.
Idoralararo razvedka xizmati–ISI (Pokiston)
Tashkilotga 1948 yilda asos solingan. ISI bevosita Pokiston hukumatiga bo‘ysunadi. Idoralararo razvedka xizmati Afg‘onistonda fuqarolar urushi boshlangandan so‘ng mashhur bo‘lib ketdi. 1979-1989 yillar mobaynida xizmat afg‘on mujohidlarini tayyorlashda katta o‘rin tutgan. Shu yillarda tashkilot 100 mingdan ortiq jangarini tayyorlagan.
Sovet qo‘shinlari chiqib ketgandan keyin ham uning Afg‘onistonga taʼsiri katta bo‘ldi. Aynan ISI yordamida “Tolibon” siyosiy harakat sifatida shakllandi. Idoralararo razvedka xizmati toliblarga harbiy va moliyaviy ko‘mak bergan, shuningdek, afg‘on shaharlari egallanishida qatnashgan, degan tahminlar mavjud.
Markaziy razvedka boshqarmasi (AQSH)

1947 yilda tashkil topgan ushbu idora dunyoning yirik razvedka xizmatlaridan biri. MRB eng zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlangan. Baʼzi ekspertlar fikricha, bu tashkilotning butun dunyoda josuslari bor.
MRB AQSH tashqi razvedkasi va kontrrazvedka xizmatining asosiy organi hisoblanadi. Tashkilot sovuq urush yillarida katta tajriba orttirgan. Uning eng yirik operatsiyalaridan biri SSSRga qarshi afg‘on mujohidlarini qurollantirish dasturi––“Siklon” operatsiyasi sanaladi.
MRB xodimlari soni aniq emas. Tashkilot dunyoning eng boy razvedka xizmatlaridan––2013 yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, uning byudjeti qariyb 15 milliard dollarni tashkil etadi.
“Mossad” (Isroil)

“Mossad”––Isroil milliy razvedka xizmati. Unga 1951 yilda asos solingan.
O‘tgan davr mobaynida Isroil harbiy muvaffaqqiyatlarida tashkilotning o‘rni katta. Baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, “Mossad”ning 7 ming aʼzosi bor, unga yiliga deyarli 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi. Hozirda razvedka xizmati Eron yadro obyektlariga zarba berishda asosiy gumondorlardan. Jumladan, 2020 yilda Eron yadro dasturi “otasi” deb hisoblanadigan Muhsin Fahrizoda o‘ldirilishida Tehron Isroil razvedkasini aybladi. Tashkilot shu darajada maxfiyki, uning tashkil etilgan sanasi haqidagi maʼlumotlar faqatgina 2009 yilda paydo bo‘lgan. Tahminlarga ko‘ra, butun dunyoda “Mossad” faoliyatidagi 5 foiz maʼlumotlargina jamoatchilikka maʼlum.
Tashqi razvedka xizmati (Rossiya)

Sovuq urush davrida sovet maxsus xizmatlari eng kuchli organlardan biri edi. Sobiq ittifoq tarqalib ketishi ortidan bu maxsus xizmatlar faoliyati barham topdi. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya ko‘plab razvedkachi kadrlarni va markazlarni saqlab qolishga erishdi.
Tashqi razvedka xizmati 1991 yilda tashkil etilgan. Tashkilot faoliyati ham o‘ta mahfiy. Uning qancha xodimi bor, byudjeti qanchani tashkil etadi-bu kabi maʼlumotlar hozirga qadar ochiqlanmagan. Xizmatning yirik operatsiyalari haqida ham deyarli hech narsa maʼlum emas. AQSH va G‘arbning ayrim davlatlari RFning Harbiy razvedkasi va Tashqi razvedka xizmatini o‘z ichki ishlariga aralashishda ayblab keladi.
MI-6 (Buyuk Britaniya)

MI-6 (Military Intelligence) Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmati. Tashkilot bir vaqtning o‘zida tashqi ishlar vazirligi va hukumatning razvedka bo‘yicha birlashgan qo‘mitasiga bo‘ysunadi. Shuningdek, bu dunyodagi eng “keksa” josuslik idoralaridan-unga 1909 yilda asos solingan. Boshqa shu turdagi tashkilotlarga nisbatan MI-6 haqida maʼlumotlar bir qancha ko‘proq. Hozirda uning to‘rtta boshqarmasi bor, faoliyati doirasi butun dunyoni qamrab oladi. Buyuk Britaniya xalqaro razvedka xizmatlari bilan keng aloqalar o‘rnatgan. Xususan, xalqaro “Besh ko‘z” (The five eyes) alyansida MI-6 alohida o‘rin tutadi. “Besh ko‘z” Britaniyadan tashqari Avstraliya, Yangi Zelandiya, AQSH va Kanada maxsus xizmatlarini birlashtirgan.
Jahongir Qo‘ziyev







