Koronavirusga qarshi emlanishdan so‘ng nojo‘ya taʼsirlar yoki o‘lim holati kuzatilishi mumkin
So‘nggi kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi emlanishning salbiy oqibatlariga oid ko‘plab videolar tarqaldi.


Xususan, Xorazmlik ayolning ko‘rish qobiliyatidan ayrilgani aytilsa, Namanganlik ayol vaksinatsiyadan so‘ng shol bo‘lib qolganiga oid videolar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu turdagi yana bir murojaatda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi ayol T.Q. farzandi S.Q.ning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan emlangani, natijada ahvoli og‘irlashib vafot etgani haqida aytadi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, Sevara Ubaydullayeva oxirgi kunlarda vaksinatsiyadan keyingi o‘lim holatlari kuzatilishiga oid urchigan savollarga javob berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, vaksinadan keyin nojo‘ya taʼsirlar yoki o‘lim holati kuzatilishi mumkin. Bu haqda vaksina ishlab chiquvchilar tomonidan yo‘riqnomada yozilgan. Biroq vaksinadan so‘ng kuzatiladigan o‘lim holati emlashdan keyingi 1 soat oralig‘ida sodir bo‘ladi.
Sevara Ubaydullayeva “O‘tib ketuvchi nojo‘ya taʼsirlar esa, vaksina olgandan keyingi 3 kunlik davomida kuzatilishi mumkin, lekin ular keyin o‘tib ketadi. Shuni unutmaslik kerakki, bunday holatlar inson organizmining individual xususiyatidan kelib chiqib kuzatiladi”, - deya maʼlum qildi.
O‘z navbatida sog‘liqni saqlash vazirligi turli nojo‘ya oqibatlar kelib chiqmasligi uchun vaksina olgandan keyingi kunlarda salomatlikka har doimgidanda ko‘ra ko‘proq eʼtiborli bo‘lishni tavsiya qilmoqda.







