Litvada chegarachi harbiylar vakolatlari kengaytirildi
Litvada harbiy xizmatchilarning Belarusdan noqonuniy immigrantlar oqimi ko‘paygani bois chegarada harakat qilish uchun vakolatlari kengaytirildi.

Prezident Gitanas Nausedaning bu haqdagi farmonini Litva Seymi tasdiqladi. Bu haqda” Diet” matbuot markazi xabar bermoqda.
Chegarani qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan Litva harbiylari endi jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatmalar berish, ushbu ko‘rsatmalarga rioya qilmagan shaxslarni taʼqib qilish va ushlash, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganlarni ushlab turish, transport vositalarini to‘xtatish, tovarlar va odamlarni tekshirish kabi vakolatlarga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Polsha, Litva, Latviya va Estoniya bir necha oy davomida Belarusdan o‘z chegaralarini noqonuniy kesib o‘tishga minglab urinishlar bo‘layotganini qayd etmoqda. Ular Minskni Yevropa Ittifoqiga qarshi gibrid urushda noqonuniy muhojirlardan qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblamoqda.
Noqonuniy muhojirlar oqimi "Aleksandr Lukashenko rejimi tomonidan rejalashtirilgan va tizimli ravishda tashkil qilingan", deyiladi 23 avgustda eʼlon qilingan ushbu davlatlar bosh vazirlarining qo‘shma bayonotida.
Yevropa Ittifoqi Belarus rahbari Lukashenko rejimiga qarshi beshinchi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.







