Prezident «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.


Aziz do‘stlar!
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Avvalo, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, xalqimizning maʼnaviy-moddiy merosini ommalashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga munosib hissa qo‘shib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Dunyo olimlarining tinimsiz va mashaqqatli mehnati tufayli inson tafakkuri va moziy xazinalari qayta jonlanib, zamonaviy madaniyatni o‘tgan asrlar tajribasi bilan boyitmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi o‘ziga xos yagona tarixiy-madaniy makon sifatida jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan taʼsir ko‘rsatgani barchamizga yaxshi maʼlum.
Xususan, “Islom madaniyatining oltin asri” deb eʼtirof etiladigan IX–XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuz berib, zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Muʼin Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar yetishib chiqdi va butun musulmon olamining faxru iftixoriga aylandi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariy taraqqiyotga beqiyos taʼsir ko‘rsatdi.
XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat mintaqada ikkinchi Uyg‘onish, yaʼni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi.
Donishmand elimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, eng mutaraqqiy xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tub islohotlar orqali yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratishga bel bog‘laganmiz.
Shu o‘rinda Xorazm vohasining ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga egaligini ham alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman.
Shaxsan o‘zim qachonki bu zamin tuprog‘iga qadam qo‘ysam, ko‘hna tarix sirlaridan ogoh bo‘lgandek, ko‘p hayotiy hikmatlarning mag‘zini chaqqandek bo‘laman.
Xorazm haqida so‘z yuritganda mashhur shoirimiz Omon Matjonning mustaqilligimizdan oldin yozgan bir sheʼri yodimga tushadi. U kishi “Nega Xorazmda tog‘lar yo‘q?” degan savolni qo‘yib, “Xorazmning buyuk tog‘lari –Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir”, deb javob beradi. Bugun biz cheksiz g‘urur va iftixor bilan bu ro‘yxatga Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Hofiz Xorazmiy, Sulaymon Boqirg‘oniy singari ulug‘ ajdodlarimizning qutlug‘ nomlarini ham qo‘shib aytishga to‘la haqlimiz.
Biz ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy, madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.
Xabaringiz bo‘lsa, Islom hamkorlik tashkilotining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Al-Xorazmiy nomida yosh matematiklarning xalqaro olimpiadasini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik.
O‘ylaymanki, ushbu olimpiadani aynan algoritm vatani bo‘lmish Xorazmda, Xorazm Maʼmun akademiyasida o‘tkazish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.
Xorazm qadim-qadimdan o‘ziga xos jozibador sanʼati bilan ham mashhur. Bugun xorijiy davlatlar vakillari lazgi milliy raqsini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish mo‘ljallangan. Qolaversa, sanʼatimizni tarannum etish, xorijliklarni yurtimizga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazyapmiz.
Kezi kelganda Jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan “Shashmaqom” va «Boysun tumanining madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), “Askiya” (2014), «Palov madaniyati va urf-odatlari» hamda “Navro‘z” (2016) joy olganini eslab o‘tgan holda, shu kunlarda esa baxshichilik sanʼati hamda etnik sport turlarining ham umumbashariy miqyosda eʼtirof etilishiga erishish bo‘yicha saʼy-harakatlar olib borilayotganini taʼkidlashni istardim.
Hurmatli mehmonlar!
Bugungi Xalqaro forum ishtirokchilari orasida O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining ko‘zga ko‘ringan tadqiqotchi-aʼzolari borligi, ayniqsa, menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barchangizni shu kunlarda o‘zining besh yilligini nishonlayotgan loyiha birlashtirib turibdi.
O‘tgan davr mobaynida siz yurtimiz merosi, o‘rta asr allomalarining bir qancha buyuk ishlari faksimillari haqida 50 ta kitob-albom chop etib, «O‘zbekistonning meʼmoriy epigrafikasi» degan noyob loyihani davom ettirdingiz. Buni mamlakatimizdagi gumanitar fanlar uchun qo‘shilgan muhim va salmoqli hissa deb bilamiz.
O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasida, Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani – Yaratganning inoyati, ulkan imkoniyat hisoblanadi. Ming yillar mobaynida turli millat va elat vakillari, til va eʼtiqod egalari birga yashagan, do‘st-birodar tutingan, quda-anda bo‘lgan, oldi-sotdi munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Shular orqali mintaqa rang-barang madaniyatlar o‘chog‘iga aylangan.
Vatanimiz qadim zamonlardan muhim savdo va migratsiya yo‘llarining tutashuv nuqtasi bo‘lgan. Bu yerda madaniyatlar va dinlar o‘zaro uyg‘unlashib, ko‘pgina millat va elatlar uchun o‘ziga xos, takrorlanmas yashash muhitini shakllantirgan. Yuksak rivojlangan shahar va ko‘chmanchi sivilizatsiyalarning bir-biriga o‘zaro taʼsiri madaniyatimizga dunyoning boshqa hududlaridan ajratib turuvchi betakrorlik baxsh etgan.
Qadrli do‘stlar!
Markaziy Osiyo mintaqasini o‘rganish jahon taraqqiyotining ko‘plab qirralarini anglashning asosiy omiliga aylanib bormoqda.
Jumladan, “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi doirasida Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisi, Nukus shahrida “Arxelogiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” xalqaro arxeologiya anjumani hamda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli forum, unda taqdim qilingan yangi kashfiyotlar, taqdimotlar, maʼruzalar, shubhasiz, O‘zbekiston tarixi va madaniyatining o‘ziga xosligini namoyish etadi, mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyatini ochib beradi. Ana shu chinakam bebaho bilimni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish bizning bosh maqsadimiz va muqaddas burchimizdir.
Yaqinda, xabaringiz bor, qutlug‘ sana – Mustaqilligimizning 30 yilligini keng nishonladik. Istiqlol yillarida o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash yo‘nalishida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, keyingi besh yilda ilmiy ishlanmalar va g‘oyalar, tashabbuslar almashinuvi uchun yangi festivallar hamda platformalar yaratishga alohida eʼtibor qaratdik.
Madaniy merosni ommalashtirishga qaratilgan bir necha forumlar, jumladan, Termizda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivalini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi. Islom taʼlimoti g‘oyalarini yoyish va buyuk ilohiyotchilar asarlarini o‘rganish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochildi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.
Biz buyuk ajdodlarimiz nomlarini abadiylashtirish, ularning boy maʼnaviy boyligini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish, qo‘hna zaminimiz madaniy qadriyatlarini tiklash hamda rivojlantirish orqali renessanslar anʼanasini davom ettirishni niyat qilganmiz.
Yurtimiz hududida shu paytgacha ikkita buyuk Renessans ro‘y berganini ushbu forumda ishtirok etayotgan barcha juda yaxshi biladi. Shu buyuk tarixiy voqealarga munosib ravishda Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etishga kirishdik.
To‘g‘ri, pandemiya baʼzi rejalarimizga o‘zgartirishlar kiritayotgani ham rost, ammo biz kelajakda tanlangan yo‘limizdan aslo to‘xtamaymiz. Shu bo‘yicha belgilab olgan maqsadlarimizga qatʼiy rioya qilishda davom etamiz.
Ayniqsa, mamlakatimiz madaniy merosini o‘rganish va asrab-avaylashda olimlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyormiz.
O‘ylaymanki, forum ishi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda sivilizatsiyalar tarixi, baxshichilik, arxeologiya bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Forumning asosiy tadbirlaridan biri bo‘lgan – Turkiy tilli davlatlar maslahat uchrashuviga ham muvaffaqiyat tilayman.
Muhtaram do‘stlar!
O‘zbekistonning kelajagini belgilab beradigan madaniyat va maʼrifat sohasida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
Zero, bizni tinchlik va yaratuvchanlikka, xalqlar farovonligiga yetaklovchi ham aynan ilm-maʼrifatdir. Bu maqsadlarga saʼy-harakatlarimizni birlashtiribgina erisha olamiz.
Butun insoniyat mulki hisoblangan O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirishga qo‘shgan bebaho hissangiz uchun Sizga yana bir bor o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Ushbu nufuzli forumni o‘z shafeligida o‘tkazayotgani uchun YUNESKO tashkiloti rahbariyatiga ham tashakkur aytamiz.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti







