YeI past va o‘rtacha daromadli mamlakatlarga koronavirusga qarshi qo‘shimcha vaksina ajratadi
Yevropa Ittifoqi rasmiylari kelasi yilning o‘rtalariga qadar past va o‘rtacha daromadli mamlakatlarga koronavirusga qarshi qo‘shimcha 200 million doza vaksina ajratadi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Strasburgdagi Yevropa Parlamentidagi yillik maʼruzasida maʼlum qildi.


"Kelgusi yilning o‘rtalariga kelib, kam taʼminlangan mamlakatlarga yana 200 million doza qo‘shamiz", dedi u.
Yevropa Ittifoqi 130 mamlakatga 700 million dozadan ortiq vaksina eksport qilgan.
Yevrokomissiya rahbari yevropaliklarga global emlashni tezlashtirish, emlash ishlarini Ittifoqning o‘zida davom ettirish va qitʼaning bo‘lajak pandemiyaga tayyorligini kuchaytirish kabi uchta ustuvor yo‘nalishga eʼtibor qaratishni taklif qildi.
Bundan avval JSST mamlakatlarni koronavirusga qarshi vaksinalarning dunyoda notekis taqsimlanishi uchun tanqid qilgan edi. Umuman olganda, 5,5 milliard dozadan ortiq vaksina ishlab chiqarilgan, biroq ularning qariyb 80 foizini yuqori daromadli mamlakatlar fuqarolari qabul qilgan.
Nasiba To‘xtayeva







