Afg‘on jurnalistlari xalqaro tashkilotga yordam so‘rab anonim tarzda murojaat qildi
100 dan ortiq afg‘on jurnalistlari xalqaro hamjamiyatdan Afg‘onistonda matbuot erkinligini himoya qilish uchun yordam so‘radi. Jurnalistlar bu haqda "Chegara bilmas muxbirlar" inson huquqlari tashkilotiga murojaat yuborgan.

Bayonotga anonim tarzda 103 afg‘on jurnalisti, jumladan, 20 ayol imzo chekdi. Ularning aksariyati hanuzgacha Afg‘onistonda ishlaydi, ba’zilari yashiringan, o‘n nafari muhojirlikda.
"Biz hammamiz bu murojaatni o‘z hayotimizni xavf ostiga qo‘yib anonim tarzda yuborishga majburmiz. Afg‘onistonda jurnalistikaning 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgani kabi unutilib ketishini istamaymiz", - deyiladi murojaatnomada.
Aytilishicha, bugungi kunda, ayniqsa, ayol jurnalistlarni himoya qilish dolzarb masala sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval BMT Afg‘onistondagi missiyasini uzaytirishga qaror qilgan edi. 19 yildan oshiq vaqt mobaynida mavjud bo‘lgan missiya “Tolibon”ning hukumatni qo‘lga olishidan so‘ng yana olti oyga uzaytirildi.







