“Tolibon” hukumati inauguratsiyasi o‘tkazilmaydi
21-sentabr kuni “Tolibon” barcha vazir o‘rinbosarlari tarkibini eʼlon qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.


Unda birorta ayol o‘rinbosar nomi keltirilmagan. 7 sentabr kuni eʼlon qilingan hukumat tarkibidan ham birorta ayol o‘rin olmagan. Bu garchi xalqaro hamjamiyatda jiddiy norozilik uyg‘otgan bo‘lsa-da, toliblar o‘rinbosar lavozimiga xotin-qizlarni tayinlamagan.
Ushbu amaldorlar tarkibini Kobulda bo‘lib o‘tgan konferensiyada harkat rasmiy vakili Zabihullo Mujohid eʼlon qilgan. “Associated Press”ning fikricha, ayollarsiz hukumat “Tolibon” siyosati yana-da qattiqo‘l bo‘lishidan dalolat beradi. Mujohid hukumat tarkibiga kam sonli millatlar, xususan, xazoralar jalb qilingani, keyinchalik ayollar ham kirishi mumkinligi, yangi hukumat inauguratsiyasi o‘tkazilmasligini maʼlum qilgan.
“Tolibon”ning ayollarga nisbatan munosabati jahon hamjamiyati tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Ular 90 yillarda ham ayollarning ishlashi va taʼlim olishini taʼqiqlab qo‘ygan.
Bundan avval Zabihullo Mujohid “Tolibon” ayollar taʼlimiga qarshi emasligini aytgandi.
Jahongir Qo‘ziyev







