Angrenda 15,3 milliard so‘mlik parfyumeriya vositalarining soxta tranziti aniqlandi
So‘nggi vaqtlarda tranzit tarzida olib o‘tilayotgan tovarlarni yurtimiz hududida tushirib qoldirib, noqonuniy ravishda ichki bozorga yo‘naltirishga bo‘lgan urinishlar tez-tez uchramoqda.

Respublika hududiga tranzit ravishda olib o'tilib, go‘yoki, qo‘shni davlatga yuborilishi rejalashtirilgan tovar-moddiy boyliklarni ichki hududda tushirib qoldirilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nurbek Salomov Zamon.uz maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklaridan yuk avtotransport vositasida keltirilayotgan, hujjatlarga ko‘ra 48 ming 341 AQSH dollari qiymatidagi salkam 26 tonna og‘irlikdagi parfyumeriya vositalari dastlab Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududiga kirgan.
So'ngra ushbu yuklar qo‘shni davlatga chiqishi uchun Farg‘ona viloyatidagi “O‘zbekiston” chegara bojxona postiga yo‘naltirilgan.
Mazkur yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Angren shahri hududida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, tegishli hujjatlarga muvofiq avtomashinaga ortilgan parfyumeriya vositalarining katta qismi yo‘l davomida tushirib qoldirilgani maʼlum bo‘ldi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan so‘ng yuk avtotransport vositasidagi parfyumeriya tovarlari poytaxtimizning Sergeli tumanidagi omborlardan biriga noqonuniy ravishda tushirib qoldirilgani aniqlandi.
Tezkor tadbir natijasida bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 95 ming 577 dona parfyumeriya vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.
Qiymati salkam 15,3 milliard so‘mni tashkil qilgan mazkur tovarlarning egasi ham aniqlanib, unga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Avvalroq, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarining muomalaga kirishining oldi olingani haqida xabar berilgandi.







