Pokiston Afg‘onistonga xavfsizlik xizmati xodimlari tayyorlashda yordam berishga tayyorligini bildirdi
Pokiston Afg‘onistonga xavfsizlik xizmati xodimlari tayyorlashda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Pokistonning Kobuldagi elchisi Mansur Ahmad Xon maʼlum qildi.


“Biz Afg‘oniston hukumati bilan xavfsizlik xizmati tayyorlash doirasida hamkorlik qilishimiz mumkin. Ammo barchasi afg‘on hukumatiga bog‘liq. Afg‘oniston –– suveren davlat va u o‘z ehtiyojini o‘zi belgilashi kerak. Shunday ekan, Pokiston yoki istalgan boshqa davlat bilan bu manfaatlarni hayotga tatbiq etish uchun hamkorlik qilishi mumkin”, — degan Mansur Ahmad Xon.
Elchining fikricha, hozirda hukumat boshqaruv institutlarini tuzish va qayta tiklash bilan band. Bu jarayon tugallanganidan keyin hamkorlikka ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy, chunki bu har ikki davlat tinchligi va barqarorligi uchun muhim.
Ahmad Xon Afg‘oniston va Pokiston yaqin qo‘shnilar ekanini eslatib o‘tdi. Ikki davlatning yagona dini va madaniyati, shuningdek, 2.6 ming kilometrli umumiy chegara iqtisodiy hamkorlik uchun katta yo‘l ochadi. “Shu bilan birga biz xavfsizlik va terrorchilarning chegaralardan o‘tishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelyapmiz. Shu sababli sobiq hukumat bilan ham hamkorlik o‘rnatganmiz. Biz bundan buyon ham xavfsizlik va terrorizimga qarshi kurash sohasida birgalikda harakat qilishni istaymiz”, – deb taʼkidlagan.
Bundan avval Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin jahon hamjamiyatini Panjsherga yordam berishga chaqirgandi.
Jahongir Qo‘ziyev







