Bir shaxs 67 ta korxonada rahbar. Barcha korxonasi soliqdan qarz — Davlat soliq qo‘mitasi
“Fuqaro S.N. rahbar bo‘lgan 67 ta korxonaning soliqdan 33,1 million so‘m qarzi mavjud. Bu har bir korxonaga o‘rtacha 495 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi”, deb xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi.


Xabarda aytilishicha, hozirgi kunda 47 ming 784 ta soliq to‘lovchi korxona rahbari bir vaqtning o‘zida 113 ming 855 ta subyektga rasman rahbarlik qilib kelmoqda. Ular orasida turli korxonalarning rahbari bo‘lgan holda, o‘z boshqaruvidagi korxonalarning soliq majburiyatlarini vaqtida bajarilishini taʼminlamagan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq tashkilotga rahbarlik qilayotgan korxonalarning byudjet oldidagi qarzdorligi jami qarzdorlikka nisbatan 34 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, 1 ming 302 nafar shaxs rahbarlik qilayotgan 5 ming 66 ta subyekt soliq hisobotini kechikib topshirgan. Bu esa ular tomonidan byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar o‘z vaqtida hisoblanmasligiga olib kelgan.
Bir shaxs bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq korxonaga rahbarlik qilishi qonunchilikda taqiqlanmagan. Lekin bundan qatʼi nazar har bir rahbar o‘z boshqaruvidagi korxonalarning soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishini taʼminlashi lozim.
“Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilganda QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tish uchun taqdim etilgan arizani rad etish yoki QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatish choralari ishlab chiqilmoqda”, – deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval tadbirkorlarning soliq hisobotini muddatida taqdim etmaganligi uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash bekor qilinishi, tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida berilgan topshiriqlar ijrosi boshlangani hamda Prezident QQS maʼmuriyatchiligini takomillashtirish to‘g‘risida qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







