Elbrus tog'larida 5 turist halok bo'ldi
Elbrus tog‘laridan 14 alpinist evakuatsiya qilindi. Bunga favqulodda vaziyat sabab bo‘lgan.


24 sentyabr tongida Nalchik shahrida 14 kishi shifoxonaga yotqizilgan. “Риа Новости” xabariga ko‘ra, 5400 metr balandlikda 23 kishilik turistlar guruhi bo‘ronda qolib ketgan. Maʼlum bo‘lishicha, shamol tezligi sekundiga 60-70 metrni tashkil etgan. Havo harorati esa minus 20 daraja bo‘lgan.
Hodisa oqibatida hozirga qadar 5 kishi halok bo‘ldi. Qidiruv operatsiyasi 7 soatdan ortiq davom etgan. Qutqarilgan turistlarning deyarli hammasi turli darajada tan jarohatlari olgan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning hayotiga hech narsa xavf solmayapti.
23 sentyabr kuni bir guruh alpinistlar Kabardin-Bolqor Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, ob-havo keskin yomonlashgani sababli guruh uchga bo‘lingan va tog‘dan tushishga harakat qilgan.
Jahongir Qo'ziyev







