Tabiiy ofat oqibatida zarar ko‘rgan tadbirkorlar soliqlardan ozod etiladi
Mamlakatimizning tabiiy ofatlar oqibatida katta zarar ko‘rgan hududlaridagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ayrim yerini sho‘r bosgan hududlar aholisiga soliq to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish ularning turmush darajasini yaxshilashga turtki bo‘ladi.


2021-yil 24-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi, — deb xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.
Unda aytilishicha, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari 2020-yil 1-maydan 2022-yil 1-noyabrga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etilishi belgilanyapti.
Shuningdek, loyihada Surxondaryo viloyatida qaytadan tashkil etilgan Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlarini 2024-yil 1-yanvarga qadar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlari va aholi orasida normativ-huquqiy hujjatlar har xil talqin qilinishining oldini olishga, xorijiy investorlarni jalb qilishga, tadbirkorlik muhiti jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida berilgan topshiriqlar ijrosi boshlangani, Prezident yirik tadbirkorlarni Qoraqalpog‘istonda imtiyozlardan foydalangan holda biznes ochishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







