11 ming mahbusning o‘limida ayblanayotgan 96 yoshli ayol hibsga olindi
Germaniyada Shtutof konslagerining 96 yoshli sobiq kotibi hibsga olindi. Bu haqida "RIA Novosti" xabar berdi.


Unda aytilishicha, ayolning ismi Irmgard Furner bo‘lib, u 1943-yil iyunidan 1945-yil apreligacha Polshadagi Shtutof lagerining komendanti kotibasi bo‘lib ishlagan. Aniqlanishicha, mana shu davr mobaynida 11 ming nafardan ortiq qotillik va qotillikka urinishda ishtirok etgan.
Mazkur ayblovdan so‘ng ayol erta tongda Gamburg yaqinidagi qariyalar uyidan chiqib, taksida “Norderstedt-Mitte” metro bekatiga borgan va shu bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. O‘sha kuni belgilangan sud majlisi boshlanmasdanoq tugagan.
Biroq Furner uzoqqa qochib ulgurmasdan politsiya uni topgan. Qoldirligan sud majlisi shu yilning 19-oktabriga belgilangan.
Ayni vaqtda keksa ayolga ochilgan jinoiy ish Voyaga yetmaganlar palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Buning sababi, jinoyat sodir etilgan vaqtlarda Irmgard Furner hali 18 yoshda edi. Voyaga yetish yoshi esa 21 etib belgilangan.
Maʼlumot uchun, Natsistlar kontslageri Shtutof 1939-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu lagerda 65 mingga yaqin mahbus halok bo‘lgan. Ular turli xil o‘lim sabablari bilan jon berishgan. Ayrimlari tibbiy tajribalar oqibatida qurbon bo‘lishgan. Bunday tibbiy tajribalardan biri inson tanasidan sovun ishlab chiqarish hisoblanadi.
Hozirda kontslager joylashgan yerda muzey qad roslagan.
Avvalroq Osvensim konslagerida qancha o‘zbekistonlik bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







