Buxoroda turkiy xalqlarga mansub qabr aniqlandi
Ancha vaqtdan buyon Buxoroda tadqiqot olib borayotgan Turkiyaning Gazi universiteti professori doktor Nejati Demir Buxorodan afsonaviy turk xoqoni Alp Er To‘nga qabrini topganini aytdi.

Doktor o‘z kashfiyoti haqida Twitter sahifasida eʼlon qilgan. Bu haqda Turkiyaning “Huriyyat ” gazetasi xabar bermoqda.
“Turk dunyosini qutlayman. Turkiylarning umumiy bobokaloni Alp Er To‘nga qabri men tomonimdan Buxorodan topildi”, — deb taʼkidlagan professor.
Lekin doktor Nejati Demir Alp Er To‘nga dafn qilingan joy haqida batafsil maʼlumot bermagan.
“Qadimgi arab va fors manbalarida Alp Er To‘nga maqbarasi Buxoroda ekanligi aytilgan. Meni viloyat tarixchilari va tadqiqotchilari ham qo‘llab-quvvatlashdi. Tafsilotlarni yaqin kunlarda baham ko‘raman”, — degan doktor Nejati Demir.
Avvalroq noyob tarixiy buyumlar O‘zbekistonga qaytarilgani hamda Buxorodagi masjid shiftidan noyob bitiklar va Qurʼonning 200 yil ilgari yozilgan qo‘lyozmasi topilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







