Eron-Ozarbayjon chegarasida xorijiy davlat kuchlari bormi? Ozarbayjon TIV javob berdi
Ozarbayjon Eron bilan chegarada uchinchi davlat kuchlari mavjud ekanligi to‘g‘risidagi bayonotlarni haqiqatga asoslanmagan maʼlumot, deb hisoblaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qildi.


“Biz Ozarbayjon — Eron chegarasida uchinchi davlat kuchlari mavjudligi hamda bu kuchning ig‘vogarona harakatlar sodir etayotgani haqidagi xabarlarni haqiqatga mos emas, deb hisoblaymiz. Chunki bu kabi bayonotlar hech qanday asosga ega emas”, – degan tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Leyla Abdullayeva. Bundan avval Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon Ozarbayjon hududiga Isroil harbiylari kirishi mumkinligini aytgandi. TIV yuqoridagi bayonoti orqali Abdullohiyonning so‘zlariga javob qaytardi.
Leyla Abdullayeva Ozarbayjondagi siyosiy jarayonlarga hech qanday tashqi kuchlar taʼsir qilmasligi hamda Boku har doim milliy manfaatlariga tayanib tashqi siyosat yuritganini taʼkidladi. “Qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish tashqi siyosatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Bu yo‘nalishda biz bosqichma-bosqich ishlar olib boryapmiz”, – degan Abdullayeva.
Eron bir necha kundan buyon Ozarbayjon bilan chegara yaqinida harbiy mashg‘ulotlar olib bormoqda. Boku bunga javoban Turkiya bilan 5-8 oktyabr kunlari Naxichevan (Eron chegarasi)da mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Bundan avval Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ga xalqaro energetika kompaniyalarini taklif qilgandi. Shuningdek, Ozarbayjon Armaniston bilan munosabatlar yaxshilаnishining asosiy shartini aytgandi.
Jahongir Qo'ziyev







