O‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi tarannum etildi
Samarali muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashrifi sharafiga rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi.

Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari aʼzolari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz - mehnat faxriylari, fan va madaniyat namoyandalari, ijodkorlar, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalari vakillari ham ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonni rivojlantirish, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda, yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Davlat rahbarlari ular bilan birgalikda suratga tushib, samimiy suhbatlashdi.
Milliy kuy-qo‘shiqlarda o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stligi tarannum etildi.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tgani hamda O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishgani haqida xabar bergan edik.







