Britaniya qirolichasi nomi qanday qilib "Pandora xujjatlari"da paydo bo‘ldi?
Qirolicha Yelizaveta ikkinchi nomi Pandora hujjatlarida 910 million dollarlik ko‘chmas mulk savdosi bilan bog‘liq shartnomada keltirilgan.

Oshkor qilingan ma’lumotlar orasida "The Crown Estate" kompaniyasi ham bo‘lib, u rasman qirolichaga tegishli. Kompaniya ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq kelishuvlarda ishtirok etgan. "The Crown Estate" Ozarbayjon prezidenti Ilxom Aliyev bilan bog‘liq trastga 42 million dollar foyda keltirgan shartnomada qatnashgan. ''The Guardian'' nashri ma’lumotiga ko‘ra, Aliyev davrida Ozarbayjonda tizimli korrupsiya avj olgan. Hozirda "The Crown Estate" ning pul yuvish bilan bog‘liq operasiyalarda ishtiroki bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga to‘la asos borligi aytilmoqda.
Ammo kompaniya qirolichaning rasmiy moliyalashtirilishini ta’minlasa-da, Yelizaveta "The Crown Estate" dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda olmaydi hamda boshqaruvga ta’sir o‘tkazmaydi. Pandora Papers surishtiruviga ko‘ra, qirolicha faqatgina qog‘ozda kompaniyaga egalik qiladi. U kundalik ishlarda ishtirok etmaydi. "The Crown Estate" dan olingan barcha foyda Britaniya g‘aznachiligiga boradi hamda uning bir qismi qirollik xonadoniga yuboriladi. Xususan, 2021 yilda bu summa 117 million dollarni tashkil etgan. Bu umumiy mulkning 25 foizinigina tashkil etadi. Kompaniya faoliyati va uning oqibatlariga Britaniya hukumati javob beradi.
"The Crown Estate" 2018 yil avgustida Londondan 91 million dollarlik ko‘chmas mulk harid qilgan. Bu esa sotuvchiga 42 million dollar sof foyda keltirgan. Bino qonuniy asoslarda "Hiniz Trade" and "Investment Ltd" ofshor kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, ammo pandora hujjatlariga ko‘ra, uning asl egasi Ilxom Aliyevning o‘g‘li Geydar hisoblanadi. 2009 yilda u 11 yoshlik paytida ushbu bino sotib olingan. Shundan keyin u prezident qizi Orzu Aliyevaga o‘tgan. 2015 yilda esa ishonchli boshqaruvga berilgan.
"The Crown Estate" vakili ushbu ko‘chmas mulk sotib olinishidan avval to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilgani va unda hech qanday noqonuniy harakatlar bo‘lmaganini aytgan. Shuningdek, Pandora hujjatlaridan keyin hozir qaytadan o‘rganish o‘tkazilayotgani ta’kidlangan. Ammo Britaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sobiq ofiseri Dilan Kennedining aytishicha, noqonuniy boylikka sotib olingan mulkning keyingi sotuvi bu daromadlar qonuniylashtirilishiga olib keladi. Ushbu holatda mulkning qirolichaga tegishli kompaniyaga sotilishi esa noqonuniy pullarning qonuniylashtirilishining eng yuqori darajasidir.
Pandora hujjatlari oktyabr boshlarida e’lon qilindi. Unda ko‘plab davlat rahbarlari va amaldorlarga tegishli mulklar haqida so‘z boradi.







