Eronning birinchi prezidenti vafot etdi
Eronning birinchi prezidenti Abulhasan Banisadr 88 yoshida Parijda vafot etdi. Bu haqda “Риа Новости” xabar berdi.


Banisadr 1980 yilda Eronning birinchi prezidenti etib saylangan. U uzoq yillar davomida Oyatullo Ruhullo Humayniy tarafdori bo‘lgan. Humayniy 1979 yilda Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyni taxtdan ag‘dargan inqilobga boshchilik qilgan. 1980 yilda Eronda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Banisadr 76.5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan va mamlakat prezidenti lavozimini egallagan.
Ammo 1980 yilda boshlangan Iroq-Eron urushi uning ham prezidentlik faoliyati, ham kelajagiga nuqta qo‘ydi. Eron oliy rahbari Humayniy Banisadrni davlatni boshqarishga noloyiq deb hisoblaydi. Natijada 1981 yilda parlament unga impichment eʼlon qiladi. Shundan keyin Banisadr Eronni tark etgan.
Xabarda aytilishicha, sobiq prezident so‘nggi kunlarini Parijda o‘tkazgan va shu yerda 88 yoshida vafot etdi. O‘lim sabablari ochiqlanmagan.
Bundan avval AQSH Eron masalasida Xitoyga iltimos bilan chiqqani hamda Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan uchrashgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







