Kreml “The Sun” nashrining Rossiya vaksina tarkibini o‘g‘irlagani to‘g‘risidagi maqolasiga javob berdi
“ ‘The Sun‘ o‘ta g‘ayriilmiy gazeta ekani maʼlum. Shuning uchun maqolaga ham shu nuqtayi nazardan baho beramiz”, – degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.


Shuningdek, Rossiya davlat dumasi deputati Gennadiy Onishenko ham masalaga munosabat bildirib, maqola mualliflarini tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarurligi, Britaniya razvedkasi xodimlarini esa isteʼfoga chiqarish kerakligini taʼkidladi.
Maʼlumot o‘rnida: 10 oktyabr kuni “The Sun” nashri Rossiyani AstraZeneca vaksinasi tarkibini o‘g‘irlashda ayblab chiqdi. Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, Moskva tomonidan moliyalashtiriladigan xakerlar kompaniyaga kiberhujum uyushtirgan va rossiyalik olimlar shu tarkib asosida “Sputnik-V” vaksinasini ishlab chiqargan.
Bundan avval Jozef Bayden Rossiya va Xitoy vaksinalardan siyosiy maqsadlar yo‘lida foydalanishda ayblagandi. Shuningdek, Singapurda koronavirusga qarshi emlanmaganlarga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







