Qamoqxonada ochlik eʼlon qilgan Saakashvilining salomatligi jiddiy yomonlashgani maʼlum bo‘ldi
Mixail Saakashvilining ahvoli og‘irlashgan. Bu haqda uning advokati Beka Basilaya maʼlum qildi.

Advokat buni sobiq prezident eʼlon qilgan ochlik bilan bog‘lagan. “Mixail Saakashvilining ochligi og‘ir bosqichga o‘tdi. Biz buning natijasini ko‘ryapmiz. Sobiq prezidentning oyoqlari shishib ketgan va shu sabab harakatlanishda qiynalmoqda. U gapirayotganda ochlikning taʼsiri yaqqol ko‘rinyapti. Shunday bo‘lsa-da, Saakashvili kuchli, ammo ochlik uning keyingi ahvolini yana-da og‘irlashtiradi”, – degan Basilaya jurnalistlarga.
Shuningdek, u Saakashvilining shaxsiy vrachi Nikoloz Kipshidze hali ham sobiq prezident oldiga kira olmaganini maʼlum qildi. Saakashvilining o‘zi tarafdorlariga murojaat yo‘llagan va 14-oktabr kuni norozilik aksiyalariga chiqishga chaqirgan.
Maʼlumot o‘rnida: Saakashvili 1-oktabr kuni qamoqqa olingan. U Gruziyaga 8 yillik tanaffusdan so‘ng qaytib keldi. Sobiq prezident 2004-2013 yillarda mamlakatni boshqargan. Shundan keyin u Ukraina fuqaroligini qabul qilgan va bir qancha lavozimlarda ishlagan.
Avvalroq Gruziya bosh vaziri Saakashvili nima uchun qaytganini aytgandi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Gruziyani Saakashvili masalasida vazmin bo‘lishga chaqirgandi.







