Rossiya 2021-yilda neft-gazdan o‘tgan yildagiga nisbatan 50 milliard dollar ko‘p daromad olishi kutilmoqda
2021-yilda Rossiyaning byudjet va nobyudjet neft-gaz daromadi o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga yoki 50 milliard dollarga oshishi mumkin. Bu haqda “TASS” buyurtmasiga binoan “Fitch” xalqaro reyting agentligi eʼlon qildi.

Fitch‘ning xomashyo tovarlari va tabiiy resurslar bo‘yicha guruhi direktori Dmitriy Marinchenkoning hisob-kitobiga ko‘ra, 2021-yilda neft va gazdan kelib tushadigan daromad 9 trillion rubl yoki 125 milliard dollarni tashkil etadi.
“Bu 2020-yilga nisbatan 50 milliard dollarga ko‘p. Agar makroiqtisodiy parametrlar yil boshidagi bashoratlarga mos kelganida edi joriy yilgi prognozlar bundan 40 milliardga kam bo‘lardi”, — deydi tahlilchi.
Yil boshida neft narxi barreliga 45 dollar, gazning eksport narxi esa har ming kub metrga 200 dollarni tashkil etishi kutilgandi.
Rossiyaning 2021-yilda uglevodorodlar savdosidan daromadi prognozi Brent neftining bir barreli 70 dollarga (2020-yilda 43 dollar) va “Gazprom”ning har ming kub metrga eksport narxi 320 dollarga (2020-yilda 143 dollar) baholanishi hisobidan kelib chiqqan.
Bundan avval Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy Sloveniyada tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining norasmiy forumida Yevropada gaz narxi sunʼiy omillar tufayli keskin oshayotganini aytgandi.
Sharofat Mahmudova







