Men o‘tmishda omadli biznesmen bo‘lganman — Ilhom Aliyev "Pandora hujjatlari"ga munosabat bildirdi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “Pandora hujjatlari”ga munosabat bildirdi. Bu haqda “Ria Novosti” xabar berdi.


Aliyev “Pandora”dagi o‘ziga oid hujjatlar bilan tanishganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, hujjatlardagi 5 foiz maʼlumot haqiqatga yaqin.
“To‘g‘risini aytganda, men hujjatlarni to‘liq o‘qimadim. Menga maʼlumot berishdi va uning 5 foizi haqiqatga yaqin. Qolgani esa yolg‘on” , – degan Aliyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prezident bo‘lishidan avval biznes bilan shug‘ullangan. Aliyev o‘zini muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lganini taʼkidlagan. Ammo prezident etib saylanganidan keyin u o‘z biznesini oilasiga topshirgan. Hozirda uni prezidentning farzandlari tasarruf qiladi. Ular asosan Ozarbayjonga investitsiya kiritsa-da, ammo baʼzi mablag‘lar xorijga yo‘naltirilgan. Aliyev farzandlari biznesi “shaffof va xalqaro darajada tekshirilishi”ni aytgan.
Bundan avval “Pandora hujjatlari"da Ilhom Aliyev va Qirolicha Yelizaveta II nomi birgalikda kelgani xabar qilingan edi. Shuningdek, unda Gulnora Karimova nomi ham qayd etilgan.
Jahongir Qo'ziyev







