Yurtimizda saylov jarayonlari onlayn video-translyatsiya qilinadi
Bu yilgi Prezidentlik saylovi yana-da ochiq va shaffof o‘tishini taʼminlash maqsadida respublikadagi ayrim saylov uchastkalariga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Unda translyatsiya vaqti 24-oktabr kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha belgilangan. Bu haqda bugun, 13-oktabr kuni o‘tkazilgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida maʼlum qilindi.

MSK raisining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi saylovda respublika bo‘ylab 207 ta saylov uchastkasida 414 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. O‘zbekiston saylovlari tarixida bu amaliyot ilk bor 2019 yilga parlament saylovlarida qo‘llangandi. Ushbu tajriba o‘rganilib, uning saylov jarayonlarida katta ahamiyatga egaligi hisobga olinda va bu yil uning ko‘lami kengaymoqda.
Bahrom Qo‘chqorov kuzatuv kameralari 15-oktabrga qadar o‘rnatilishini maʼlum qildi.
Ovoz berish jarayonlari Markaziy saylov komissiyasining Saylov2021.uz saylov portali, Matbuot markazidagi katta hajmdagi monitorda va “O‘zbekiston24” telekanalida hamda Markaziy saylov komissiyasi binosida onlayn translyatsiya qilib boriladi”, — dedi B.Qo‘chqorov.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalardan yana biri xorijiy kuzatuvchilar va OAV vakillarining akkreditatsiyasi bo‘ldi. Hozirda o‘nta xalqaro tashkilotning missiyalaridan 93 nafar xalqaro kuzatuvchini, shuningdek, yigirmaga yaqin xorijiy davlatdan 84 nafar kuzatuvchini akkreditatsiya qilish taklif etilmoqda. Bugun akkreditatsiya qilinadigan jami kuzatuvchilar 177 nafarni tashkil etmoqda. Shu tariqa jami ro‘yxatdan o‘tkazilgan xalqaro kuzatuvchilar 577 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, hozirda 1419 nafar mahalliy, 146 nafar xorijiy OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgani maʼlum qilindi.
Avvalroq O‘zbekistondagi eng baland nuqtada joylashgan saylov uchastkasi hamda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun saylov uchastkasi tashkil etilgani xabar qilingandi.







