Ozarbayjon Eron bilan mavjud kelishmovchiliklarni hal qilishga tayyorligini maʼlum qildi
Ozarbayjon va Eron tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu ikki tomonlama munosabatlar keskinlashayotgan sharoitda tashkil etildi.

Ozarbayjon TIVning maʼlum qilishicha, har ikki tomon ham mavjud kelishmovchiliklarni muloqot yordamida hal qilish lozimligini taʼkidlagan. Vazirlar Eron tovarlarining Ozarbayjon orqali tranzitini ham muhokama qilgan. Aynan shu masala Boku va Tehron o‘rtasida munosabatlarni keskinlashtirgan sabablardan biri edi. Tog‘li Qorabog‘ning Ozarbayjon nazoratiga o‘tishi, shuningdek, Eronning Armaniston bilan savdosini ham murakkablashtirdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon ham o‘zaro mustaqillik va chegaralar dahlsizligini hurmat qilish muhim ekanini qayd etdi. Uning fikricha, har ikki tomon ham o‘zaro munosabatlarda tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Bundan avval Eron Ozarbayjon bilan chegara yaqinida Isroil kuchlari to‘planayotganini daʼvo qilib, mamlakat tarixidagi eng katta harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bunga javoban Boku Naxichevan (Eron chegarasi)da Turkiya bilan qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil etdi. Bu butun Kavkazorti mintaqasidagi vaziyatni keskinlashtirdi. Tashqi ishlar vazirlari muloqoti esa bu keskinlikni yumshatishga harakat qiladi. Bundan tashqari yaqin kunlar ichida Amir Abdullohiyonning Ozarbayjonga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Bundan avval Ozarbayjon TIV Eron bilan chegarada xorijiy davlat kuchlari mavjud emasligini maʼlum qilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







