Iroqda yoz oyida koronavirusdan vafot etgan shaxs deputat etib saylandi
Iroqda muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarida ovoz berish natijalariga ko‘ra, shu yilning yozida koronavirusdan vafot etgan Bag‘dodlik Ansam Manuyel xalq deputati bo‘ldi.

Bu haqda Al Arabiya telekanali ma’lum qildi.
Siyosatchi poytaxt tumanidan mustaqil nomzod sifatida qatnashgan. Unga 2397 saylovchi ovoz berdi.
Ammo ma’lum bo‘lishicha, deputat ayol allaqachon olamdan o‘tgan. Yozda u koronavirus bilan kasallanib, kasalxonada bir oydan ko‘proq davolandi va avgust oyi oxirida vafot etdi.
Texnik sabablarga ko‘ra, marhumaning ismi byulletenlardan olib tashlanmagan, shuning uchun ko‘plab saylovchilar unga ovoz bergan. Endi amaldagi qonunlarga ko‘ra, qo‘lga kiritilgan ovozlar bo‘yicha undan keyingi o‘rinni egallagan nomzod Iroq parlamentidan o‘rin oladi.
Avvalroq, Parijning ilk ayol meri Ann Idalgo Fransiya prezidentligiga rasmiy nomzod bo‘lgani haqida xabar berilgandi.







