“Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida O'zbekiston AQSHni ortda qoldirdi
Oʻzbekiston harbiylari “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida AQSHni ortda qoldirib, ikkinchi oʻrinni egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 29-sentabrdan 17-oktabrga qadar Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida oʻtkazilgan razvedka va maxsus boʻlinmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 18 ta davlatidan 103 ta jamoalar ishtirok etgan. Jumladan, unda Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar oʻzaro bahs olib bordilar.
Musobaqaning faol fazasi 14-oktabr kuni boshlangan.
Qayd etilishicha, musobaqa konkurslaridagi yoʻnalish 90 km. masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat boʻlib, har 8-10 km.da bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.
Shuningdek, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 km masofadagi zararlangan hududdan oʻtish, maydonni razvedka qilish va togʻ daryosini kesib oʻtish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, jarohatlanganlarni turli yoʻllar bilan evakuatsiya qilish, mina toʻsigʻidan yakka va guruh tarkibida oʻtish, dushman obyektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni soʻroq qilish kabi shartlar ham bajarildi.
Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” (xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yoʻnaltirish, harbiy topografiya meʼyorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi boʻyicha test topshirish, razvedka boʻyicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi boʻyicha meʼyorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar boʻyicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi boʻyicha bildiruv berish) topshiriqlari ham berilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli murakkab shartlardan iborat 90 km masofani 37 soatda bosib oʻtdi.
Xalqaro musobaqa natijalariga koʻra, I oʻrin va oltin medallarni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II oʻrin va kumush medallarni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi, III oʻrin va bronza medallarni Amerika Qoʻshma Shtatlarining jamoasi egalladi.
Avvalroq, boks boʻyicha jahon chempionatida sovrindorlarga qancha pul berilishi haqida xabar bergandik.
Maftuna Rejabboyeva tayyorladi







