Xitoy taraqqiyoti NATO uchun xavf tug‘dirmaydi — Xitoy TIV
Xitoy NATOni mamlakat taraqqiyotini ijobiy baholashga chaqirdi. Bu haqda Xitoy TIV rasmiy vakili Chjao Liszyan maʼlum qilgan.

“NATO dunyodagi eng yirik harbiy alyans sifatida sovuq urush davridan qolgan fikrlashdan voz kechishi kerak. U Xitoy taraqqiyotini xolis, ijobiy va ochiq qabul qilishi, shuningdek, global va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishi zarur”, – degan Chjao Liszyan.
Shuningdek, Xitoy muloqotni teng huquqlilik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini taʼkidlagan.
Maʼlumot o‘rnida: bundan avval NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyansning bo‘lajak siyosiy konsepsiyasida Xitoyning o‘sib borayotgan qudrati tahdidi o‘rin olishini maʼlum qilgan.
Avvalroq Xitoy yangi gipertovushli qurol sinovini o‘tkazgani hamda AQSH Tayvanga mudofaa sohasida ko‘maklashishda davom etishi xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







