O‘zbekiston va Pentagon chegara masalasida muzokara o‘tkazdi
AQSH mudofaa vazirining yordamchisi Kristofer Mayer O‘zbekiston mutassadilari bilan chegara xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum xabar berdi.

U o‘zining Twitter‘dagi sahifasida quyidagicha izoh qoldirgan:
“Mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayer boshchiligidagi idoralararo delegatsiya tashrifi davomida O‘zbekiston hukumati bilan bo‘lgan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha samarali muzokaralarda ishtirok etganim va chegara xavfsizligi masalalari muhokama qilinganidan xursandman”.
Maʼlumot uchun: Amerikaning “Politico” nashri AQSH kontrterroristik kuchlarini O‘zbekistonga joylashtirishni rejalashtirayotgani haqida maqola eʼlon qilib, Pentagon vakillari ushbu mavzuni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgandi.
Ammo keyinchalik O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika OAVlarining xabarlariga izoh berib, Afg‘onistondan bo‘ladigan terrorizm xavfi bilan kurashish uchun AQSH qurolli kuchlarini O‘zbekistonga joylashtirish masalasi muhokama etilmayotganini maʼlum qilgan.
Bundan avval Pentagon Rossiyani AQSH va Yevropa uchun asosiy tahdid sifatida baholagani va O‘zbekiston Pentagon kuchlarini Respublika hududiga joylashtirmoqchi emasligi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







