Jon Kennedining o‘ldirilishiga doir sirlar oradan 58 yil o'tib, ochiqlanmoqda
AQSH hukumati mamlakatning 35 prezidenti Jon Kennedi o‘limiga doir maʼlumotlarni oshkor qiladi. Bu haqda 22-oktabr Oq uy eʼlon qilgan press-relizda so‘z boradi.


Unda aytilishicha, 1992-yilda Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha maʼlumotlar, agarda u razvedka, mudofaa va tashqi siyosatga zarar yetkazmaydigan bo‘lsa, bosqichma-bosqich oshkor qilinishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Jozef Bayden mavjud hujjatlarning ochiqlanishi tartibini belgilab berdi. Unga ko‘ra, uning bir qismi 15-dekabrda eʼlon qilinadi. Ikkinchi qismi esa, 2022-yilning 15-dekabridan keyin ommaga chiqariladi. Bu taklifni AQSH arxiv va hujjatlar milliy boshqarmasi bergan.
Shuningdek, bu boshqarma hujjatlarning raqamli bazasini yaratishga javobgar hisoblanadi. Shu bilan birga baʼzi maʼlumotlar 2022-yildan keyin ham oshkor qilinmaydi.
Maʼlumot o‘rnida: Kennedi AQSH tarixidagi eng mashhur prezidentlardan bo‘lib, 1961-1963 yillarda mamlakatni boshqargan. 1963-yil 22-noyabrda u Dallasda o‘ldirilgan. Qotil Li Xarvi Osvald uni snayper qurolida halok qilgan.
Avvalroq Jozef Bayden 11-sentabr voqealariga oid hujjatlarni oshkor qilishga buyruq bergandi.
Jahongir Qo'ziyev







