Vladivostok bozorida katta yong‘in sodir bo‘ldi
Vladivostokning Nekrasovskaya ko‘chasida joylashgan bozorda katta yong‘in chiqdi. Ushbu hudud tutun bilan qoplangan.

Qutqaruvchilar bozorga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Natijada avtomashinalar ishtirokida tirbandliklar yuzaga kelgan. Ertalab sodir bo‘lgan yong‘inda qurbonlar aniqlanmagan. Hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlumotlariga ko‘ra, bozorning aksariyat qismi yonib ketgan. Yong‘in 700 kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab oldi. Oqibatda, 70 kishi evakuatsiya qilindi, 10 kishi voqea joyidan qutqarildi.
Yong‘indan butun ko‘cha tutun bilan qoplanib, atrof-muhitdagi harakatlanuvchilarga xalal bermoqda. Shuningdek, “Pervaya Rechka” mavzesidagi bozorga yaqin ko‘p qavatli uylar tutun ichida qolib ketgan, havodagi kuygan hid nafas olishni qiyinlashtirayotgani aytilmoqda.
Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Bozor qorovullari hech qanday portlash yoki yong‘in keltirib chiqaradigan bioror sabab yo‘qligini bildirgan. Bozorda tez yordam mashinalari va politsiya navbatchilik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Gretsiyada o‘rmon yong‘inlari sababli 118 kishi qo‘lga olingani hamda Pemex neft-gaz kompaniyasi dengiz platformasida yong‘in chiqqanligi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







