Meva-sabzavotchilik klasterlari ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Joriy yilda davlat zaxirasiga sotib olingan g‘alla hisobiga klasterlarning qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun har bir kilogramm bug‘doyga 350 so‘mdan jami 800 milliard so‘m ajratiladi.

Meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Prezident paxta va g‘alladagi kabi meva-sabzavotchilikdagi klasterlarni ham mahsulot hajmidan kelib chiqib, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan imtiyozli kreditlash yo‘lga qo‘yilishini taʼkidladi.
Bunda klasterlarga aylanma mablag‘ uchun amaldagi 20-24 foizli tijorat kreditlari o‘rniga Jamg‘arma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi. Kelgusi yilda ushbu maqsadlarga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari meva-sabzavot hosilini ob-havoning keskin o‘zgarishidan sug‘urta qilish amaliyotiga o‘tish vaqti kelganini qayd etdi.
Shu maqsadda kelgusi yildan sug‘urta kompaniyalari orasida meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi maʼlum qilindi. Eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot klasterlari va fermerlarga sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bunga dastlabki bosqichda 50 milliard so‘m ajratiladi.







