“Islom davlati” terroristik tashkiloti aʼzosi O‘zbekistonga olib kelindi
Xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.

“I.O.” 2014 yilning fevral oyida mavsumiy ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga boradi va internet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar aʼzolari bilan aloqaga kirishadi.
Natijada, ularning taʼsiri ostida “I.О.” yashash manziliga qaytib kelib, ikki nafar farzandini ota-onasiga qoldiradi hamda rafiqasi bilan birga 2015-yilning mart oyida Ukraina orqali dastlab Turkiyaga, so‘ngra Suriya hududiga o‘tib, “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shiladi.

Shu taʼriqa u 2015-2021 yillar davomida Suriya va Iroq davlatlaridagi terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashadi.
Shuningdek, u joriy yilning sentabr oyida Markaziy Osiyo davlatlarining birida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatida ishtirok etishi lozim edi.
Hozirda “I.O.”ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.







