Sankt-Peterburglik fuqaroga sobor fonida yarim yalang‘och suratga tushgani uchun jinoiy ish ochildi
Ayol bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Sankt-Peterburgda yashovchi 30 yoshli fuqaro “Sankt-Isaak” sobori fonida yarim yalang‘och suratga tushib, din vakillarini ranjitganlikda ayblanmoqda.
Bu haqda shanba kuni RF ICning Sankt-Peterburg bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi matbuot xizmati “TAСС”ga xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, gumonlanuvchi qasddan va omma oldida harakat qilib, sobor oldida yalang‘och holatda fotosurat va videotasvir olgan. Uni internet tarmog‘iga qo‘yib, tarqatgan.
Tergov organlari ayolga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 148-moddasi 1-qismi, yaʼni “jamiyatga ochiq-oydin hurmatsizlikni ifodalovchi va dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish maqsadida sodir etilgan ommaviy harakatlar” asosida jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Ushbu modda bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Hozirda ayol qo‘lga olingan va unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Cho'lponoy Ahmedova tayyorladi







