Janubiy Koreya AQSH bilan yangi harbiy mashg‘ulotlar boshladi
Unda yuzga yaqin samolyotlar ishtirok etadi.

Janubiy Koreya va AQSH harbiy-havo kuchlari qo‘shma mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Janubiy Koreya mudofaa vazirligi maʼlumotlariga tayanib KBS telekanali xabar qildi.
Mashg‘ulotlar besh kun davom etadi. Unda yuzga yaqin aviatexnika ishtirok etadi. Ularning orasida Janubiy Koreyaning F-15K va KF-16 hamda AQSHning F-16 samolyotlari ham bor. Mamlakat harbiy-havo kuchlari ushbu mashg‘ulotlarga hech qanday izoh bermay, u “mavjud reja asosida” o‘tkazilayotganini maʼlum qildi.
So‘nggi yillarda Seul va Vashington o‘rtasida bu kabi qo‘shma harbiy tadbirlar ko‘p o‘tkazilyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad – Shimoliy Koreyani muloqot boshlashga majbur qilish.
Bundan avval Shimoliy Koreya qora oqqush go‘shti yordamida ochlikka qarshi kurashmoqchi ekani hamda Janubiy Koreya va KXDR o‘rtasidagi aloqa tizimi tiklangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







