Xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi Abu-Dabida qo‘lga olindi
U og'ir va o'ta og'ir jinoyatlarni sodir etgan.

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olindi.
Ushbu shaxs 1972-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan. Fuqaro S.M. Jinoyat kodeksining 155, 161, 242 va 244-moddalarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi huquq tartibot organlari tomonidan 2006-yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Dastavval, olingan materiallar asosida ushbu shaxsning taxminiy joylashuvi haqidagi maʼlumot Interpolning Bosh Kotibiyatiga yuborilgan. Fuqaro S.M. 2006-yildan AQSH hududida yashirinib yurganligi aniqlangan. 2021-yilning sentabr oyida Vashington milliy markaziy byurosi tomonidan bu hududni tark etganligi to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasidagi milliy markaziy byurosi Interpoli va Birlashgan Arab Amirliklari Abu-Dabi Interpoli xodimlarining hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbiri natijasida fuqaro S.M. Abu-Dabiga etib kelgan kunidan besh kun o‘tib qo‘lga olindi.
Hozirda uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.







