Yangi “eksportyor”: qozog‘istonlik ayol gazni noqonuniy ravishda eksport qilayotgani aniqlandi
Holat Chimkent shahrida bo‘lgan.

Chimkentlik ayol O‘zbekiston va Tojikistonga noqonuniy gaz sotishni yo‘lga qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda “Sputnik Kazaxstan” xabar berdi.
Ayol davlat korxonalaridan birining direktori bo‘lgan. U shu kunga qadar 960 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz sotgani aniqlandi. U bu ishni soxta hujjatlar yordamida amalga oshirgan. Manbalarning taʼkidlashicha, ayol jami 146 million tenge (343 ming dollar) noqonuniy foyda olgan.
Sud ayolga 10 ming AQSH dollari miqdorida jarima tayinladi. Shu bilan birga yetkazilgan zararni to‘la qoplashi shartligi belgilandi.
Bundan avval Buxoroda noqonuniy freon gaz ballonlarini olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olingani hamda Uchko‘prik tumanida gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalangan korxona aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







