"O‘zbek multfilmlarining xalqaro festivallardagi ishtiroki biz uchun doim quvonarli hodisa"
Rejissyor Azizbek Muhamedov festivaldagi taassurotlari bilan bo‘lishdi.


Xabaringiz bor, 28-oktabr “Xalqaro animatsiya kuni” munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shahrida 29-30 oktabr kunlari “AMEN” (“International Animation Film Festival”) uchinchi anʼanaviy xalqaro animatsion filmlar festivali bo‘lib o‘tgan edi.

Unda rejissyor Azizbek Muhamedovning “G‘ildirakli uy” hamda “Sehrli tanbur” multfilmlari ishtirok etdi. “G‘ildirakli uy” multiplikatsion filmi “Eng zo‘r animatsion film” nominatsiyasida festivalning bosh sovrini “Gran pri” bilan mukofotlandi. “Sehrli tanbur” multiplikatsion filmi esa “Eng zo‘r badiiy yechim” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi.

Rejissyor festivaldagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
— O‘zbek multfilmlarining xalqaro festivallardagi ishtiroki biz uchun doim quvonarli hodisa. Chunki biz o‘zimizning filmlarimizni salohiyati va sifatini malakali mutaxassislar baholagandagina aniq bilishimiz mumkin. Festivalning bosh sovrini bilan taqdirlanishimizni kutmagan edik.
Bunday natijalarga erishish oson bo‘lgani yo‘q, albatta. Buning uchun filmlarimizning yaratilishida ishtirok etgan barcha xamkasblarimga, do‘stlarimga va ustozlarimga minnatdorligimni bildiraman.
Milliy madaniyatingizni animatsiya sanʼati orqali tanitishingiz biz uchun judayam quvonarli. Chunki xozirgi paytda zamonaviy tarzda ishlab, milliy madaniyatini shakllantirish, saqlab qolish ancha mushkul. O‘zbek animatsiyasi salohiyati xozirda yetakchi o‘rinda turishi shuning uchun bo‘lsa kerak. O‘zbekistonda ham xalqaro animatsion filmlar festivali o‘tkazilsa juda xursand bo‘lib ishtirok etardik”.
Qozog‘istonlik hamkasblarimiz ijodiy hamkorlikda animatsion filmlar ishlab chiqarish taklifini berishdi. Albatta, bundan xursand bo‘ldik.


Avvalroq "Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti qachon o‘tkazilishi maʼlum bo‘lgani, o‘zbek multfilmi xalqaro festivalda ishtirok etishi hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hamkorligida Xo‘ja Nasriddin haqida multfilm suratga olinishi haqida xabar berilgandi.







